Qalbaki hujjat, soxta natijalar: OTMga kirish “lotereya”si asl “iqtidorlarga” nasib qilmoqda

Jamiyat

image

Sport sohasi vakillariga imtiyoz berishdan pirovard maqsad Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, Jahon chempionatlariga iqtidorli sportchilarni tayyorlash va yuksak natijalarga erishishdan iborat bo‘lsada, biroq ko‘p hollarda imtiyozlar “ayrim yoshlar” uchun o‘qishga kirish vositasiga aylanib qolgan.

2018 yilda 421 nafar, 2019 yilda 1 213 nafar va 2020 yilda 2 367 nafar yoshlar sportdagi yutuqlari uchun imtiyozdan foydalanib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan bo‘lib, o‘tgan 3 yilda imtiyozdan foydalanuvchilar salmog‘i 5 barabarga ortgan.

Shuning barobarida, imtiyozdan foydalanuvchilar sonini sun’iy oshirish maqsadida ayrim sport musobaqalarining soni ham orttirilgan. Jumladan, imtiyoz beruvchi olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha 2018 yilda 206 ta musobaqa o‘tkazish belgilangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilda 296 tani tashkil etib, 30 foizga oshgan. Bu o‘z navbatida, g‘olib va sovrindorlar sonini ham ortishiga olib kelgan.

Masalan, kalendar rejaga muvofiq 2018 – 2021 yillarda basketbol, voleybol va chim ustida xokkey bo‘yicha respublika chempionatlari 146 ta o‘tkazilishi lozim bo‘lsada, amalda ikki barobar ko‘p, ya’ni 273 ta o‘tkazilgan. Natijada, bu sport turlari bo‘yicha imtiyoz asosida o‘qishga tavsiya etilganlar ham yilma yil ortib borgan, 2018 yilda – 18 nafar, 2019 yilda – 82 nafar, 2020 yilda – 295 nafar va 2021 yilda – 308 nafar.

Biroq, xalqaro musobaqalarda sportchilar natijalari aksincha, pasayib bordi. Masalan, 2018 yilda imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilingan sportchilarning 44 nafari yoki 10,5 foizini Osiyo va Jahon chempionati g‘olib va sovrindorlari tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich keskin kamayib 13 nafar yoki 0,6 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, milliy chempionatlarni o‘tkazish jarayonini elektronlashtirish, video va foto tasvirga olish tizimli yo‘lga qo‘yilmasdan, barcha hujjatlar qog‘oz shaklida yuritib kelingan. Bu esa, musobaqalar natijalarini jamoatchilik uchun ochiq va shaffof bo‘lishini ta’minlamay, ayrim sport murabbiylari tomonidan musobaqa natijalari soxtalashtirishiga imkon yaratgan. Masalan, birgina 2020 yilda 31 nafar sportchi qalbaki hujjatlar asosida oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinganligi aniqlangan.

Shu bilan birga, joriy yilda o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda voleybol musobaqalari natijalari bo‘yicha haqiqatda g‘oliblikni qo‘lga kiritmagan 7 nafar sportchiga imtiyozlar taqdim etilgan. Mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli asosda tavsiya etilgan 1 921 nafar sportchi kasbiy (ijodiy) imtihondan o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 213 nafari (11 foizi) maksimal ballning 36 foizini ham to‘play olmagan bo‘lsa, 41 nafari ijodiy imtihon talablarini umuman bajara olmagan. Yoki, g‘olib va sovrindorlarning 147 nafari turli bahonalar (hozirda sport bilan shug‘ullanmay qo‘yganligi va h.k.) bilan imtihonlarda ishtirok etmagan.

Milliy chempionatda sovrinli o‘rinlarni egallagan “sportchilar” o‘z yo‘nalishida ijodiy imtihondan o‘ta olmaganligi ushbu musobaqalar va ularning natijalari bo‘yicha tegishli xulosa qilishga asos bo‘ladi.

Imtiyozlarning haqiqiy iqtidor egalariga emas, balki qo‘shtirnoq ichidagi sportchilarga taqdim etilishi holatlarida asosiy aybdor – musobaqa bosh hakami bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston chempionatiga bosh hakamni esa sport federatsiyalar belgilaydi. Bu jarayonga Turizm va sport vazirligi aralashmaydi. Va yakunda vazirlik tomonidan maxsus komissiyaga topshiriladigan hujjatlar ham aynan musobaqa bosh hakami tomonidan taqdim etiladigan bayonnomaga asosan shakllantiriladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha belgilangan sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlariga oliy ta’lim muassasalariga kirish imtiyozi haqiqatda iqtidorli bo‘lgan sportchi yoshlarga berilishi lozim. Ularning yillar davomidagi mehnatini yo‘qqa chiqargan “mutaxassislar”ga esa albatta qonuniy chora ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

135

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing