“Qadrdon Toyib”: Makron Erdo‘g‘anga yarashishni taklif qildi
Olam
−
16 yanvar 2021
12061Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga Parij va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash taklifi bilan maktub jo‘natdi. Erdo‘g‘an Makronning ushbu maktubiga ijobiy munosabat bildirgan. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushog‘lu ma’lum qildi.
“Ikki kun avval biz Makrondan ijobiy maktub oldik. Unda Makron munosabatlarni rivojlantirish, Prezidentimiz bilan uchrashish istagini bildirgan. U hattoki o‘z qo‘li bilan turkchada “Qadrdon Toyib” deb yozgan”, degan Chavushog‘lu.
Unga ko‘ra, Turkiya yetakchisi Fransiya Prezidentining xatini ijobiy qarshilagan.
“Prezidentimiz mamnuniyat bilan uchrashishini aytdi. Gap, avvalo, videoanjuman va telefon suhbatlari haqida bormoqda”, deb qo‘shimcha qilgan Turkiya TIV rahbari.
Fransiya-Turkiya munosabatlari Parij chetidagi Konflan-Sent-Onorin kommunasida o‘quvchilariga payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) karikaturasin ko‘rsatgan tarix o‘qituvchisi Samyuel Pati chechen yigit tomonidan o‘ldirilganidan keyin hamda Makron mamlakat payg‘ambar karikaturasini chop etishdan voz kechmasligini aytishi ortidan yomonlashgandi. Bu bayonot qator arab davlatlarida ham fransuz tovarlarini boykot qilinishiga olib kelgandi.
Munosabatlar yomonlashgach, Erdo‘g‘an ham fuqarolarini fransuz tovarlarini sotib olmaslikka chaqirdi. Keyinroq esa Turkiya yetakchisi Makron “o‘z psixikasini davolashi kerakligini” aytdi. Shundan keyin Parij Anqaradan o‘z elchisini chaqirtirib oldi.
LiveBarchasi