“Qabul qilinmasa, zarba beramiz”. Tramp Eronga muhim shart qo‘ydi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy kelishuvni qabul qilmasa, Tehronga qarshi harbiy zarba berilishi mumkinligi bilan tahdid qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bayonot berdi.

Tramp Eronni imkon qadar tez muzokaralar stoliga o‘tirib, yadroviy qurolsiz, adolatli va teng huquqli bitim tuzishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaqt tugab bormoqda va agar kelishuvga erishilmasa, keyingi zarba 2025 yilning iyunida o‘tkazilgan “Yarim tun bolg‘asi” operatsiyasi doirasidagi hujumlardan ham kuchliroq bo‘ladi. O‘sha paytda AQSH havo va dengiz kuchlari Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba bergan edi.

Shuningdek, Tramp mintaqaga USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi boshchiligidagi “ulkan flot” yo‘naltirilayotganini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, bu flot Venesuelaga yuborilgan kuchlardan ham kattaroq bo‘lib, zarurat tug‘ilganda kuch ishlatishga tayyor.

OAV xabarlariga ko‘ra, Tramp Eron bo‘yicha yangi harbiy variantlarni ko‘rib chiqmoqda. CNN va “Reuters” manbalarga tayanib yozishicha, muhokama qilinayotgan variantlar orasida Eron rahbariyati va xavfsizlik kuchlari vakillariga, shuningdek yadroviy ob’ektlar va davlat muassasalariga zarba berish ehtimoli ham bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Harbiy-havo kuchlari Yaqin Sharq mintaqasida Agile Spartan nomli ko‘p kunlik harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsad – AQSH Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi mas’ul hududida kuchlarni tezkor joylashtirish va jangovar harakatlar olib borish imkoniyatlarini namoyish etishdir.

Shu bilan birga, bu mashg‘ulotlarning davomi Eronga zarba yo‘llash bilan yakunlanadi, degan ssenariy ham yo‘q emas. Tramp dastlab buni inkor etgan bo‘lsa-da, keyinchalik hammasi o‘zining qo‘lida ekanligi va Eron hokimiyatini almashtirish vaqti kelganini ko‘p bora ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Tehron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing