Niderlandiyalik ekspertlar Sardoba bo‘yicha tadqiqotlari O‘zbekistonda noto‘g‘ri talqin qilinganini aytmoqda

Jamiyat

image

Avvalroq, Sardoba suv omborining falokatini niderlandiyalik mutaxassislar tadqiq qilgani haqida xabar bergan edik. Kecha, 21 may kuni ayni Deltares ekspertlari Sanjay Giri va Gennadiy Donchits BBC O‘zbek nashriga bergan intervyuda O‘zbekistonda ularni noto‘g‘ri talqin qilishganidan afsusda ekanliklarini aytib o‘tishdi.

Qayd etilishicha, Niderlandiyaning Deltares nomli mustaqil tadqiqot markazi ekspertlari Sardoba suv omborining o‘pirilishi borasida internetda mavjud ma’lumotlar, hamda hatto ortga qaytib tasvirlarni ko‘rsa bo‘ladigan satellit suratlari asosida hisobot tayyorlaganlar, ammo Bi-bi-siga aytishlaricha, ularning hisoboti O‘zbekiston matbuotida noto‘g‘ri talqin qilingan. Hisobot mualliflaridan biri bu borada O‘zbekiston rasmiy doiralariga bog‘lanib o‘z noroziligini izhor qilganini aytdi.

O‘zbekiston hukumatiga tegishli “Dunyo” xabar agentligi 17 mayda o‘zining rus tilidagi sahifasida Niderlandiyada joylashgan ekspertlar Sardoba suv omboridagi to‘g‘onning o‘pirilishi bo‘yicha chiqargan tahlil haqida xabarni chop etdi va “dokladning mualliflariga ko‘ra, o‘pirilish ko‘p yoqqan yomg‘ir, shamol to‘lqini yoki quvurlarning ichki yemirilishi tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin” deb yozdi.

Tadqiqotchilarning aytishicha, ayni hisobotdagi boshqa fikrlar, xususan, to‘g‘on loyihalashtirish va qurilishdagi insoniy xatolar tufayli ham o‘pirilgan bo‘lishi mumkin degan xulosalar bu rasmiy xabardan tushirib qoldirilganini ko‘rish mumkin.

“Hisobotimizdan bunday spekulyatsiya yuzaga kelganidan afsusdaman. Bu kabi hisobotlardan yana bir maqsad — ana shunday hollar yuzaga kelganda, qanday yo‘l tutish kerakligini o‘rganish. Hatto tijoriy kompaniyalar ham ofat yuz berganda bajonidil real vaqtdagi satellit tasvirlarni ulashishga tayyorlar, shunday ekan ulardan foydalansa bo‘ladi. Undan tashqari, hodisaning kattaroq ta’sirini o‘rganishni istadik — ochiq ma’lumotlar yordamida dunyoning har burchagidagi to‘g‘onga qarab, agar u o‘pirilsa, qancha hududga xavf tug‘dirishini aniqlash mumkin. Hozircha bu kabi tahlillar hamma davlatda ham, yo har bir suv ombori bo‘yicha ham qilinmayapti“, deydi Gennadiy Donchits.

Shuni ham qayd etish kerak, Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Komiljon Aripov Sardoba fojiasi bo‘yicha aholini xabardor qilish tizimi nima uchun ishlamagani haqida gapira turib, bu kabi tizim juda qimmat turishini aytgandi. Ammo ekspertlarning BBC-’ga aytishlaricha, bu tizim qimmat emas, O‘zbekistondagi suv omborlaridagi tizim esa hali ham eski usulda ishlayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Sardoba Suv ombori Niderlandiyalik mutaxassislar

Baholaganlar

544

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar