O‘zbekiston instituti dunyoning kuchli universitetlari reytingiga kirdi
Jamiyat
−
15 Oktabr 2019
6786Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba 2020 yil uchun QS`ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingidan o‘rin oldi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti QS reytingida akademik so‘rovnoma, ish beruvchilarning bahosi va ilmiy salohiyati kabi mezonlarda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari o‘rtasida ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etib, 301-350 o‘rinlar oralig‘idagi universitetlar qatoridan joy oldi.
Ma’lumot uchun, QS reyting agentligi tomonidan ilmiy tadqiqotlarga 20%, akademik so‘rovnomaga (jahon OTMlariga o‘rganilayotgan universitet yuzasidan so‘rovnoma yuborish, jahon OTMlari uchun tanilishda ilmiy tadqiqot ishlarining roli yuqori) 30%, ish beruvchilar so‘rovnomasiga 20%, o‘quv jarayoniga 15%, boshqalarga 15% ajratilgan.
Ushbu reytingda 1-o‘rinni Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, 2-o‘rinni Sankt-Peterburg davlat universitetlari egalladi. Reytingda Rossiya, Chexiya, Turkiya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, Sloveniya, Xorvatiya, Belarus, Bolgariya kabi davlatlarning yetakchi universitetlari joy oldi.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan xalqaro ekspertlar bilan birgalikda O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich xalqaro reytingga kiritishga tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Xorijiy ekspertlar tomonidan respublikaning 10 ta oliy ta’lim muassasasi (O‘zMU, TIQXMMI, TDTU, TATU, SamDU, TDAU, UrDU, TTA, Turin politexnika universiteti, QQDU) tanlab olindi va ularning Times Higher Education va QS bazasida tegishli profillari yaratildi. Ekspertlar shu 10 ta oliy ta’lim muassasasi bilan yaqindan ishlamoqda.
LiveBarchasi