Ijtimoiy tarmoq yulduzlari bitta post uchun qancha foyda ko‘radi?
Bu qiziq
−
02 iyul 2021
18624Hozirgi kunda turli soha yulduzlari ish haqlaridan tashqari reklamalardan yaxshigina daromad topmoqda. Ularning ayrimlari reklamaning o‘zidan ish haqidan-da ko‘proq foyda oladi. Xo‘sh, ijtimoiy tarmoqlarda pulni eng ko‘p “supurib” oladiganlar kimlar?
“Yuventus” va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Instagram tarmog‘ida eng qimmat hisob qaydnomasiga ega. VVS tomonidan e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqdagi bitta posti uchun futbolchi 1,6 million dollar (16,9 milliard so‘m) foyda oladi. Ikkinchi pog‘onada 1,52 million dollar bilan Dueyn Jonson qayd etilgan. Uchlikni Ariana Grande yakunlab bergan. U har bir post uchun 1,51 million dollar foyda ko‘radi.
Shuningdek, tarmoqdagi eng qimmat akkauntlar ro‘yxatiga ayni damda hech bir klubga tegishli bo‘lmagan Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messining hisobi ham kiritilgan. Uning hisob raqami bitta post uchun 1,13 million dollarga (12 milliard so‘m) boyiydi va u bu ko‘rsatkich evaziga reytingda yettinchi o‘rinni egallagan.
Instagram’dagi har bir post uchun eng ko‘p haq oladigan yulduzlar o‘nligi:
1. Krishtianu Ronaldu, 308 million obunachi — 1,6 mln dollar;
2. Dueyn “The Rock” Jonson, 250 million obunachi — 1,52 mln dollar;
3. Ariana Grande, 247 million obunachi — 1,51 mln dollar;
4. Kayli Jenner, 244 million obunachi — 1,49 mln dollar;
5. Selena Gomes, 241 million obunachi — 1,46 mln dollar;
6. Kim Kardashian, 232 million obunachi — 1,41 mln dollar;
7. Lionel Messi, 224 million obunachi — 1,16 mln dollar;
8. Beyonse, 189 million obunachi — 1,14 mln dollar;
9. Jastin Biber, 180 million obunachi — 1,11 mln dollar;
10. Kendall Jenner, 172 million obunachi — 1,05 mln dollar.
Ma’lumot o‘rnida, Krishtianu Ronaldu joriy yil fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda 500 million obunachiga ega bo‘lgan birinchi odamga aylandi. Bu raqamlar Instagram, Facebook, Twitter platformalaridagi muxlislarning sarhisob qilinishi natijasida hosil bo‘ldi. Instagram ijtimoiy tarmog‘ida 1 milliardga yaqin foydalanuvchi bor va har to‘rtinchi odam portugaliyalik futbolchining sahifasiga obuna bo‘lgan. Ronalduni barcha platformalardagi foydalanuvchilarning taxminan 15 foizi kuzatib boradi.
Humoyun Oripov
LiveBarchasi