Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish mumkin bo‘ladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yish vaqti kelganini ta’kidlab, barcha hujjatlarni o‘rnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilishini e’lon qildi.  Bu haqda u bugun, 13 dekabr kuni ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Hozirgi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolar tug‘ilganlik, nogironlik to‘g‘risida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatni ko‘tarib yurishga majbur. Prezidentning ta’kidlashicha bunday ovoragarchilikka chek qo‘yish vaqti kelgan.

Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.

Bu tizim 1 iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkaziladi, yil yakunigacha hamma joyda ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 20 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 1 oktyabridan O‘zbekistonda aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlarni “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirish joriy etilishi ma’lum qilingandi. 2024 yil 18 iyuldagi “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab pensiya oluvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra, yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi. Joriy yil 1 dekabrdan esa yangi tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “ijtimoiy karta”ga o‘tkaziladi. Qo‘llab-quvvatlash choralari ushbu karta orqali taqdim etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ijtimoiy karta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar