Italiyada yer ostidan ulkan maxfiy sigaret fabrikasi topildi
Olam
−
27 Sentabr 19320 2 daqiqa
Italiyaning Ankona provinsiyasida Moliyaviy gvardiya mamlakat tarixidagi eng yirik yashirin sigaret ishlab chiqarish zavodini fosh qildi. Bu haqda kecha, 26 sentyabr kuni “L’Unione Sarda” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1,6 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan ishlab chiqarish ob’ekti mahorat bilan yashirilgan yer osti bunkerida joylashtirilgan.
“Noqonuniy fabrikaga kirish murakkab gidravlik qurilma orqali amalga oshirilgan bo‘lib, u bunkerni mukammal tarzda yashirib turgan. Ichkarida uskunalar va tonnalab kontrafakt sigaretlar bo‘lgan”, deydi Moliyaviy gvardiya vakillari.
Aniqlangan korxona yiliga qariyb 2,7 milliard dona sigaret ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan, bu esa kuniga taxminan 7,2 million dona sigaret degani. Yashirin zavod tarkibida tamaki qayta ishlash va sigaret qadoqlash uchun mo‘ljallangan uchta liniya bo‘lgan. Hududdan mashhur brendlarning 150 tonnadan ortiq qalbaki tamaki mahsulotlari, ishlab chiqarish va qadoqlash uchun maxsus uskunalar, shuningdek 170 tonnadan ziyod zarur materiallar topilgan.
Tashkilotchilik darajasi hatto tergovchilarni ham hayratda qoldirgan: podvalda 18 ta karavot, hammomlar, dushlar, oshxona va hattoki uskuna ta’mirlash ustaxonasi bo‘lib, ular smenada ishlagan ishchilar tomonidan ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlash uchun foydalanilgan.
Bunkerdan tayyor mahsulotdan tashqari 12 million dona soxta karton qutilar, 15 million filtr va 20 million dona laminatlangan varaqlar, shuningdek g‘altaklar va boshqa ishlab chiqarish materiallari topilgan. Zavodning umumiy qiymati 1,75 million yevrodan ortiq baholanmoqda, ishlab chiqarish quvvati esa daqiqasiga 5 ming dona sigaretni tashkil etgan.
Yaqin atrofda Moliyaviy gvardiya import qilingan tamaki saqlash uchun ishlatilgan boshqa ombor va xonalarni ham aniqlagan. U yerda umumiy qiymati 620 ming yevroga teng bo‘lgan ikkita avtomobil va to‘rt yarim tirkama musodara qilingan. Ularning barchasi qalbaki sigaretlar bilan to‘la bo‘lgan. Umuman olganda, 3,6 million yevroga baholangan barcha tijoriy ko‘chmas mulk, shuningdek qora bozor qiymati qariyb 47,4 million yevroga teng materiallar musodara qilingan.
Live
Barchasi