Istanbulning qalbi – Ayya Sofiyada Erdo‘g‘an boshchiligida juma namozi o‘qildi

Olam

Ayya Sofiya – Yevroosiyo marvaridi. Istanbul qoq markazida joylashgan va dunyo e’tiborida bo‘lib kelgan ibodatxona bundan ikki hafta oldin yana masjidga aylantirildi. Oradan 86 yil o‘tib, 24 iyul kuni Ayya Sofiyada jamoat to‘planib, juma namozi o‘qildi. 

Butun dunyoda, jumladan Turkiyada ham koronavirus pandemiyasi davom etayotganiga qaramasdan, juma namoziga minglab odamlar to‘plandi. Ular nafaqat bino ichidan, ichki va tashqi maydonlardan ham joy oldi. Jamoat orasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafo Shentop va vazirlar ham o‘rin oldi. Davlat rahbaridan tortib, boshqa ibodatchilarni ijtimoiy masofa saqlagan holda tibbiy niqoblar bilan namoz o‘qidilar. 

Ayya Sofiya ibodatxonasi aslida Vizantiya imperatori Konstantin ikkinchi tarafidan 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. 

Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.

1204 yilgacha u ko‘plab zilzilalar va yong‘inlarni boshdan kechirgan va ta’mirlangan. O‘sha yili salibchilarning qo‘liga o‘tgan ibodatxona 1261 yilgacha Rim katolik cherkoviga aylantirildi. 1261 yilda vizantiyaliklar Istanbulga egalikni qaytarib olgach, Ayya Sofiyadan yana pravoslav cherkovi sifatida foydalanildi. 

1453 yil 29 mayda Usmonli imperiyasi sultoni Fotih Sulton Mehmet Istanbulni egallab olganda, Ayya Sofiya yaralangan Vizantiya askarlari, ayollar va bolalar uchun boshpana bo‘lgan. 

1453 yil 1 iyunda Istanbulda birinchi juma namozini o‘qigan Fotih Sulton Mehmet, Ayya Sofiya Usmonli hukmronligi ostida masjid bo‘lib xizmat qilishini e’lon qildi. Mehrob va minbar qurildi, qo‘ng‘iroq va xoch olib tashlandi. Devordagi suratlar berkitildi. 

1616 yilga kelib, Ayya Sofiyaning qarshisida Sulton Ahmad masjidi barpo etilgunga qadar ushbu masjid mamlakatdagi eng kattasi sanalar edi. 

1739 yilda Ayya Sofiyaga yondosh madrasa, kutubxona va oshxona binolari qurildi. 1847-1849 yillardagi ta’mirlash ishlari sabab yopilgan Ayya  Sofiya oxirgi bor masjid sifatida 1849 yilda ochildi. 

1923 yilga kelib Turkiya o‘zini Respublika deb e’lon qildi. 1931 yilga kelib, Ayya Sofiya yopildi. 

1931 yilda Amerika Vizantiya instituti asoschisi, arxeolog Tomas Uittimor Turkiyadan Ayya Sofiyadagi mozayka-suratlarni tiklashni talab qilab qiladi. O‘sha vaqtda Prezident Mustafo Kamol Otaturk mozaykalarni tiklashga oid ruxsati bilan boshlangan ishlar 15 yil davom etdi va 1947 yilda yakunlandi. 

Ish boshlanganidan biroz vaqt o‘tgach, 1934 yil 2 noyabr kuni Vazirlar Kengashi Ayya Sofiyani muzey sifatida ochishga qaror qildi. Shunday qilib Ayya Sofiya 1935 yil 1 fevraldan e’tiboran muzey sifatida ish boshladi. 1996 yilda u dunyo madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritildi. 

Rasmiy Anqaraning Ayya Sofiyani masjidga aylantirish to‘g‘risidagi qarori ko‘plab Yevropa mamlakatlari va AQSHning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Dunyo siyosatdonlari esa ushbu voqelikni baholarkan, Erdo‘g‘an Turkiyasi yangi davrdagi kuch va qudratini shu yo‘l bilan sinovdan o‘tkazayotganini aytmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

178

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing