Istanbulda rossiyalik diplomat o‘lik holda topildi
Olam
−
15 Oktabr 2023
12735Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa hamkorlik departamenti (DOS) direktori Nikolay Kobrinets Istanbuldagi mehmonxonadan o‘lik holda topildi. Bu haqda “Hurriyet” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 12 oktyabr kuni rossiyalik 61 yoshli diplomat Nikolay Kobrinets Istanbuldagi mehmonxonadan o‘lik holda topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unda yurak xuruji kuzatilgan bo‘lishi mumkin.
NTV telekanali xabariga ko‘ra, Kobrinets voqeadan bir kun avval – 11 oktyabr kuni Turkiyaga elchilar yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan. 12 oktyabr kuni soat 14:00 atrofida diplomat mehmonxonadagi xonasiga borgan va chiqmagan. Uning hech qanday ogohlantirishlarsiz majlisda qatnashmayotgani hamkasblarida shubha uyg‘otgan va ular mehmonxonaga murojaat qilgan.
“Xodimlar Nikolay Kobrinets uchun ajratilgan xona eshiklarini buzib kirgan vaqtda u allaqachon jonsiz holatda bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Hozirda mazkur holat Istanbul politsiyasi tomonidan tergov qilinmoqda. Kobrinetsning jasadi esa shahar sud tibbiyoti institutining o‘likxonasiga olib ketilgan.
“Ma’lumotlarga ko‘ra, u yurak xurujidan vafot etgan, ammo tergov davom etmoqda. Uning jasadi esa shahar sud tibbiyoti institutining o‘likxonasiga olib ketilgan. Hozirda politsiya uning xonasidagi barmoq izlari va xavfsizlik kameralaridan olingan yozuvlarni tekshirmoqda”, deydi mamlakat huquq-tartibot idoralari xodimlari.
Eslatib o‘tamiz, yilning 19 dekabr kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida “Rossiya turklar nigohida” fotoko‘rgazmasining ochilish chog‘ida so‘zga chiqqan Rossiya Federatsiyasi elchisi Andrey Karlov otib ketilgan edi. Karlov voqea joyida jon bergandi.