“Istanbul rejasi”. Dunyo bo‘yicha bug‘doy inqirozini hal qilishning chorasi topildi
Olam
−
02 iyun 2022
33216Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lakning ishlashini ta’minlaydigan yo‘l xaritasi – Istanbul rejasini tayyorladi. Bu haqda bugun, 2 iyun kuni diplomatik manbalarga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Nashrning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Ukrainadan g‘allaning jahon bozorlariga xavfsiz yetkazib berilishini ta’minlash mexanizmini shakllantirish maqsadida ma’lum vaqtdan beri diplomatik aloqalar olib bormoqda. Turkiya tomoni bilan Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va BMT vakillari o‘rtasida olib borilgan muzokaralar natijasida jahon tashkiloti shafeligidagi “Don yo‘lagi”ning funksionalligini ta’minlovchi yo‘l xaritasi tayyorlandi.
“Istanbulda tashkil etilayotgan don eksporti markazi BMT bilan kelishilgan holda Turkiya vositachiligida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soladi”, deyiladi xabarda.
Istanbuldagi muvofiqlashtirish markazining ishga tushirilishi Ukraina portlaridan jahon bozorlariga 20 million tonna donni eksport qilish imkonini beradi.
Yaqin kunlarda Istanbulda barcha manfaatdor tomonlarning “Yo‘l xaritasi” tafsilotlarini muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda. To‘rt tomonlama formatda yo‘nalish, sug‘urta, kema xavfsizligi, portni minalardan tozalash, shuningdek, Qo‘mondonlik markazi tarkibi kabi masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi va Ukrainada ham ijobiy qabul qilingan mexanizm tufayli Qora dengiz portlari atrofidagi hududlarni tozalash va g‘alla zahiralarini tashqi bozorlarga yetkazib berish mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazgan suhbatlarida asosiy mavzularidan biri “Don yo‘lagi” bo‘lgan.
Turkiya Prezidenti bilan suhbatda Putin turk hamkorlari bilan kelishilgan holda yuklarning to‘siqsiz dengiz tranzitini osonlashtirishga tayyorligini, jumladan, Ukraina portlaridan g‘alla olib kelishini bildirgan.
Zelenskiy bilan suhbatda Prezident Erdo‘g‘an Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dengiz orqali eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lak yaratish loyihasiga alohida ahamiyat berishini aytgan.
LiveBarchasi