Isroilning qochqinlar lageriga hujumi oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Isroil kuchlari Rafah shimoli-g‘arbidagi Tal as-Sulton hududidagi chodir lageriga hujum qildi. Qochqinlar lagerini bombalash oqibatida kamida 35 falastinlik halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ko‘p. Bu haqda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Keyinroq WAFA axborot agentligining aniqlik kiritishicha, Isroilning qochqinlar lageriga raketa va bombali hujumi oqibatida qurbonlar soni 40 nafarga yetgan. Agentlik chodir lageriga kamida sakkizta raketa urilganini yozdi. Hujum oqibatida chodirlar shaharchasida yong‘in chiqdi va chodirlardagi ko‘plab odamlar tiriklayin yonib ketdi.

O‘z navbatida, “Al-Jazeera” telekanali Tal as-Sulton hududiga hujum Jabaliya va Nuseyrat qochqinlar lagerlari hamda G‘azo shahrining bombardimon qilinishi bilan bir vaqtda sodir bo‘lganini xabar qildi. Oxirgi 24 soat ichida kamida 160 kishi halok bo‘ldi.

 “Ishg‘ol kuchlarining G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimini ataylab yo‘q qilishlari oqibatida hududdagi shifoxonalar bunchalik ko‘p yarador va jarohatlanganlarga dosh bera olmayapti", deb ta’kidlaydi Falastin Qizil Yarim Oy jamiyati.

Eslatib o‘tamiz, kecha 26 may kuni HAMAS G‘azo sektorining janubida joylashgan Rafah shahri hududidan Isroil tomon sakkizta raketa uchirgan edi. Ularning bir qismi Isroil havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan tutib olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil hujum Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing