Isroilning G‘azodagi maktabga hujumi oqibatida 29 kishi qurbon bo‘ldi (video)
Olam
−
10 iyul
2901Falastinliklar yashiringan Xon Yunusdagi maktabga Isroil hujumi oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 29 nafarga yetdi. Bu haqda Falastin hukumatining G‘azodagi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Isroil armiyasi oxirgi 24 soat ichida oltita ommaviy qotillik sodir etgan, oqibatda 60 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
“Bu genotsid 10 oydan beri bosqinchi armiya Falastin xalqiga qarshi amalga oshirayotgan jinoyatning davomidir. Biz tinch aholiga nisbatan bu dahshatli qirg‘inlarni sodir etgan Isroil ishg‘olini, shuningdek, AQSH ma’muriyatining genotsid jinoyatida bosqinchilar tomonida bo‘lishini eng qattiq so‘zlar bilan qoralaymiz", deyiladi xabarda.
Matbuot xizmati tinch aholining o‘limida Isroil va AQSH ma’muriyatini aybladi.
Falastin hukumati xalqaro hamjamiyat, BMT, turli xalqaro tashkilotlar va erkin dunyoning barcha davlatlarini G‘azodagi qon to‘kilishini to‘xtatish uchun Isroil va AQSHga bosim o‘tkazishga chaqirdi.
7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azo sektoridagi tajovuzi qurbonlari soni 38 243 nafarga, yaradorlar soni 88 033 nafarga yetdi.
“Bosqinchilar Xon Yunus shahri sharqidagi Abesan hududida ko‘chirilganlar boshpana olayotgan maktabga hujum qilib, jirkanch qirg‘in uyushtirdi”, deyiladi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyati yaradorlarning Xon Yunusdagi Al-Nasr va Al-Amal shifoxonalariga yotqizilganini bildirdi. Bundan tashqari, Falastin yarim oy jamiyati Xon Yunus markazidagi Abu Hamid chorrahasiga hujumlar chog‘ida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida xabar bergan.
LiveBarchasi