Isroilning G‘azodagi harakatlari genotsid mezonlariga mos keladi – IAGS
3-sahifa
−
02 Sentabr 2025 2803 2 daqiqa
Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari genotsid mezonlariga mos keladi. Bu haqda kecha, 1 sentyabr kuni Xalqaro genotsid tadqiqotchilari assotsiatsiyasi (International Association of Genocide Scholars – IAGS) olimlari e’lon qilgan bayonotda so‘z boradi.
“Isroil harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan”, deyiladi 500 dan ortiq a’zosi bo‘lgan ilmiy birlashma qabul qilgan rezolyutsiyada.
Hujjat ko‘pchilik ovozi bilan tasdiqlangan. Unda 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS amalga oshirgan harakatlar xalqaro huquqqa ko‘ra jinoyat ekani ta’kidlanadi. Ularga javoban Isroil hukumati esa “insoniyatga qarshi keng ko‘lamli va tizimli jinoyatlar, harbiy jinoyatlar va genotsid sodir etgan, jumladan, tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga ataylab hujum qilgan”.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hukumati ataylab qishloq xo‘jaligi yerlari va oziq-ovqat omborlarini yo‘q qilgan, gumanitar yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilgan va bu choralar “chidab bo‘lmas yashash sharoitlarini yaratish”ga qaratilgan.
Olimlar, shuningdek, Isroil Vazirlar Mahkamasi a’zolari va harbiylarning bayonotlarini keltirgan. Ular falastinliklarni “insonsifat hayvonlar” deb atab, isroilliklarni G‘azo sektorini “do‘zaxga aylantirish”da ayblagan.
Ma’lumot uchun, Xalqaro genotsid tadqiqotchilari assotsiatsiyasi – genotsidning ko‘rinishi, sabablari va oqibatlarini hamda uni oldini olish choralarini o‘rganishga qaratilgan Amerikaning xalqaro nodavlat tashkiloti hisoblanadi. Unga 1994 yilda asos solingan.
Qayd etish joiz, G‘azodagi urush oqibatida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon kamida 63 557 falastinlik halok bo‘lgan, 160 660 kishi esa yaralangan. Shu sanadan beri sektordagi blokada fonida ochlikdan halok bo‘lganlar soni 339 kishiga yetgan. Shundan 124 nafarini bolalar tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 avgust kuni Isroil armiyasi G‘azoni egallashni boshlagan edi. Isroil xavfsizlik kengashi HAMAS guruhini “tor-mor qilish” va G‘azoni nazoratga olish rejasini ma’qullagan. Bu qaror Isroilning yuqori martabali amaldorlari yig‘ilishidan so‘ng, xalqaro hamjamiyatning urushni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlari va HAMAS qo‘lida saqlanayotgan garovdagilar taqdiri uchun xavotir bildirgan Isroil fuqarolarining noroziliklariga qaramay qabul qilingan.
Live
Barchasi