Isroilning Baydendan umidi katta. Mudofaa vaziri Prezidentga tinimsiz rahmat aytyapti

Olam

image

Isroil rasmiylari AQSH va shaxsan Prezident Jo Bayden Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rishda davom etishiga ishonch bildirmoqda. Bu haqda yahudiy davlati Mudofaa vaziri Beni Gans Bayden Isroilga tashrif bilan kelganidan keyin bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, Gans Bayden bilan mintaqadagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha qisqa brifing o‘tkazgan. 

“Isroil va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi noyob rishtalar har qachongidan ham mustahkamroq. Isroil davlati Prezident [Bayden] Eron yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rishda davom etishiga ishonchi komil", deydi Gans brifingda.  

Isroil Mudofaa vazirligi rahbari, shuningdek, Bayden prezidentligi davrida Isroil va AQSH mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda katta muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidlagan.  

“Biz Isroil xavfsizligini qo‘llab-quvvatlaganingiz va ma’qullangan yordamingiz uchun, jumladan “Temir gumbaz” (raketalarga qarshi mudofaa) tizimlarini qayta tiklash uchun 1 milliard dollar ajratganingiz uchun minnatdormiz”, deydi u. 

Mudofaa vazirining qo‘shimcha qilishicha, Isroil va uning Yaqin Sharq mintaqasidagi hamkorlari barqarorlik va tinchlikka intilmoqda.  

“AQSH boshchiligidagi mintaqaviy [xavfsizlik] arxitekturasi va barqarorligi mintaqada iqtisodiy o‘sishga va inson huquqlarini himoya qilishga yordam beradi. Ishonchim komilki, sizning rahbarligingiz ostida va AQSH xavfsizlik kuchlari bilan hamkorlikda biz quruqlikda, havoda, dengizda va kiber sohada mudofaa sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda davom etamiz”, deydi Isroil Mudofaa vaziri.

Eslatib o‘tamiz, Bayden kecha, 12 iyul kuni prezidentlikka kelganidan buyon ilk bor Yaqin Sharq bo‘ylab birinchi safarini boshladi. U 13-16 iyul kunlari Isroil, Iordan daryosining G‘arbiy Sohili va Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi.


Maqola muallifi

Teglar

Jo Bayden

Baholaganlar

186

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing