Isroilda Netanyaxuga qarshi namoyishlar davom etmoqda
Olam
−
07 iyul
4768Kecha, 6 iyul kuni Isroil bo‘ylab minglab odamlar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish, asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv va Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat iste’fosini talab qilib namoyishga chiqdi. Bu haqda “Ynet” xabar berdi.
Namoyishchilar Tel-Aviv, Hayfa, Birussebi va G‘arbiy Quddusda, shuningdek, Netanyaxuning qarorgohi joylashgan Isroil shimolidagi Kesariya shahrida ko‘chalarga chiqdi.
Tel-Avivda o‘n minglab namoyishchilar sud-huquq islohotlariga qarshi so‘nggi namoyishlar ramziga aylangan Kaplan ko‘chasida to‘plandi. Namoyishchilar “Bibi, mahbuslarni ozod eting” va “Siz javobgarsiz, siz aybdorsiz”, “Ben Gvir terrorist” va “Fashist politsiyasi” kabi shiorlar bilan chiqishdi.
G‘azoda saqlanayotgan isroillik mahbuslarning yaqinlari ham Mudofaa vazirligida hukumat siyosatini qoraladi. Ular Netanyaxu va uning hukumati a’zolarini yolg‘on gapirishda va mahbuslarni qaytarishga olib keladigan kelishuvga to‘sqinlik qilishda aybladi.
Tel-Avivda namoyishchilarni tarqatish uchun otliq politsiya va suv purkagichlardan foydalanilgan. Namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.
Kesariyada Isroil bayroqlari, mash’alalar, nog‘ora va hushtaklar ko‘targan minglab namoyishchilar Netanyaxuning shaxsiy qarorgohi oldida to‘plandi. Namoyishchilar hukumat iste’fosi va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini talab qilib, “Siz javobgarsiz, siz aybdorsiz” deya hayqirdi.
Mamlakatda har shanba kuni Netanyaxu hukumatiga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tyapti.
LiveBarchasi