Isroilda Mudofaa vaziri iste’fosi ortidan minglab odamlar namoyishga chiqdi
Olam
−
06 noyabr
5442Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galantning ishdan ketganidan so‘ng Quddus va Tel-Avivda minglab odamlar Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning harakatlariga qarshi namoyish qilib, HAMAS tomonidan G‘azo sektorida asirga olingan isroilliklarni vataniga qaytarishni talab qildi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Isroil poytaxti Tel-Aviv shahridagi Ayalon shossesining janubiy qismida politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun yoqimsiz hidli kuchli suv oqimidan foydalanishga majbur bo‘lgan. Muxolifat yetakchilaridan biri Yair Lapid Isroil fuqarolarini ko‘chaga chiqishga chaqirgan va u Galantning urushning avj pallasida iste’foga chiqarilishini “tentaklik” deb atagan.
O‘z navbatida, Yoav Galant Isroil hukumatini HAMAS tomonidan G‘azo sektorida asirga olinganlarni vataniga qaytarishga chaqirgan.
“Bizning axloqiy va ma’naviy burchimiz HAMAS tomonidan o‘g‘irlab ketilgan o‘g‘il-qizlarimizni uylariga qaytarishdir. Bu imkoniyat bor, lekin og‘riqli murosalarni talab qiladi”, dedi u.
Isroil Prezidenti Isxak Gersog Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning Mudofaa vaziri Yoav Galantni ishdan olishi ortidan urush davrida mumkin bo‘lgan siyosiy to‘ntarishlardan ogohlantirgan.
“Hozir Isroilga eng kerak bo‘lmaydigan narsa bu davlat to‘ntarishi va ichki nizolardir”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘zaro ishonchning yetishmasligini sabab Mudofaa vaziri Yoav Galantni ishdan bo‘shatgani xabar qilingan edi.