Isroil Eronga Ukraina uslubida zarba bergan – OAV
Olam
−
14 iyun 8935 2 daqiqa
Isroil Eronga hujumida Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasiga o‘xshash dushman hududida yashirin dronlar taktikasini qo‘lladi. Bu haqda Isroil xavfsizlik xodimiga tayanib, “The Times of Israel” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eronning yadroviy inshootlariga zarba berishga ko‘p yillik tayyorgarlik davomida Isroil fors davlati hududida uchuvchisiz samolyotlar bazasini qurgan va aniq qurol tizimlari va qo‘mondonlarini mamlakatga olib kirishni tashkil qilgan. Tayyorgarlik ishlari Isroil mudofaa kuchlari va “Mossad” razvedka xizmati o‘rtasida yaqin hamkorlikda o‘tkazilgan.
“Mossad” agentlari Eron ichida, Tehron yaqinida dron bazasini o‘rnatgan. Dronlar tunda faollashtirilgan va Isroilga qaratilgan “yer-yer” raketalarini urgan.
Shuningdek, mamlakatga qurol-yarog‘ tizimlarini olib o‘tuvchi mashinalar olib kirilgan.
“Mossad” Eron markazidagi havo hujumidan mudofaa ob’ektlari yaqinida aniq raketalarni joylashtirgan. Bu sa’y-harakatlar Isroil samolyotlarining havoda ustunligiga olib kelgan.
“Operatsiya innovatsion fikrlash, dadil rejalashtirish va ilg‘or texnologiyalardan tezkor foydalanish, maxsus kuchlar va Eronning markazida harakat qilgan, mahalliy razvedka e’tiboridan butunlay qochishga tayangan”, deya qayd etdi rasmiy.
Bu Isroilning o‘z dushmani lageriga chuqur kirib borgan birinchi maxfiy operatsiyasi emas. O‘tgan yili Livandagi “Hizbulloh”ga tegishli peyjerlar va boshqa jihozlarning katta portlashi ham ko‘pchilikni lol qoldirgandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 iyun kuni Isroil Eronga raketa hujumlari uyushtirdi. Oqibatda mamlakatning bir nechta yuqori lavozimli qo‘mondonlari, shuningdek, tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Shuningdek, yadroviy inshootlar zarar ko‘rdi. Umuman olganda, Isroilning 13 iyunga o‘tar kechasi boshlangan yirik zarbalari Eronning 20 ga yaqin yuqori martabali harbiy rahbarlari va asosiy yadroviy olimlarining hayotiga zomin bo‘ldi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalaridan xavotir bildirib, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi.
Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan. Isroil tomoni esa 1 kishining o‘limini tasdiqlagan.
Live
Barchasi