Isroil zaxiradagi o‘n minglab askarni G‘azodagi urushga chaqirdi
Olam
−
05 may 2025 4611 2 daqiqa
Isroil G‘azo sektorida HAMAS guruhiga qarshi operatsiyalarni “kuchaytirish va kengaytirish” uchun o‘n minglab rezervdagi askarlarni chaqirish boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) kecha, 4 may kuni ma’lum qildi.
Harbiylarning ta’kidlashicha, armiya yer usti va ostidagi barcha HAMAS infratuzilmasini yo‘q qilish uchun yangi hududlarda harakat qiladi.
Isroil va HAMAS xalqaro vositachilik bilan olib borilgan muzokaralarda yangi sulh bitimiga va qolgan 59 isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga erisha olmadi. Ayni paytda atigi 24 mahbus tirikligi taxmin qilinmoqda.
18 mart kuni HAMAS bilan urushda ikki oylik sulh barbod bo‘lgach, Isroil G‘azo sektorida janglarni qayta boshlaganidan beri birorta ham garovga olingan odam ozod etilmagan. O‘shandan beri G‘azo sektorining katta qismi Isroil nazorati ostiga o‘tdi, yuz minglab aholi yana ko‘chishga majbur bo‘ldi.
SAXALning yangilangan hujumlari fonida oziq-ovqat, suv va dori-darmonlarning jiddiy tanqisligi haqida xabar bergan yordam guruhlari Isroilning harakatlarini urush jinoyati bo‘lishi mumkin bo‘lgan “ochlik siyosati” deb atadi. Isroil ayblovlarni rad etdi.
Yamanda faoliyat yuritayotgan va G‘azo sektoridagi SAXAL operatsiyasini to‘xtatmoqchi bo‘lgan husiylar guruhi 4 may kuni Isroil aeroportlariga yangi hujumlar uyushtirish orqali Isroilni “havo blokadasi” bilan tahdid qildi. O‘sha kuni ertalab husiylar raketasi Isroilning asosiy Ben Gurion aeroportiga kelib urilgan edi. U asosiy terminal yaqiniga tushdi. Olti kishi yengil jarohat olgan. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu uning mamlakati javob choralarini ko‘rishiga va’da berdi.
Yamanning katta qismini nazorat qiluvchi va ballistik raketalar arsenaliga ega bo‘lgan husiylar guruhi avvalroq ham Isroilga bir necha bor raketa uchirdi. Odatda, bu raketalar havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urir tushiriladi. Husiylar, shuningdek, Arab ko‘rfazi va Qizil dengizdagi kemalarni Isroil yoki uning ittifoqchilariga aloqadorlikda gumon qilsa, nishonga oladi. Isroil, o‘z navbatida, Yamandagi husiylar nishonlariga zarbalar berdi, AQSH ham shunday zarbalar berdi.
Live
Barchasi