Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi – Tramp
Olam
−
24 iyun 2025 8029 3 daqiqa
Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro yaqin bir necha soat ichida “to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish” rejimida bo‘ladi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 24 iyunga o‘tar kechasi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“Isroil va Eron 12 soatga to‘liq va butkul o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi (taxminan 6 soatdan keyin, Isroil va Eron o‘zlarining hozirgi yakuniy missiyalarini yakunlaganlarida!), shundan so‘ng urush tugagan deb hisoblanadi!” deb yozdi Tramp.
Uning qayd etishicha, Eron rasman sulhni boshlaydi, 12 soatdan keyin Isroil o‘t ochishni to‘xtatadi, 24-soatda esa “dunyo 12 kunlik urushning rasman yakunlanganini kutib oladi”. “Bu urush yillar davomida davom etishi va butun Yaqin Sharqni vayron qilishi mumkin edi, lekin bunday bo‘lmadi va bo‘lmaydi ham! Xudo Isroilni, Xudo Eronni, Yaqin Sharqni, Amerika Qo‘shma Shtatlarini va dunyoni yorlaqasin!” deya o‘z postini yakunlagan Tramp.
Biroq Isroil bu haqda rasmiy tasdiq bermadi va Isroil harbiylari 24 iyun kuni tongda Eron tomonidan Isroilga ikki marta raketa otilganini ma’lum qildi. Guvohlar keyinchalik Tel-Aviv va Beer-Sheva yaqinida portlashlarni eshitgan. Isroil OAV xabariga ko‘ra, bir binoga zarba berilgan va Beer-Shevadagi raketa hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan.
Eron rasmiylaridan biri avvalroq Tehron otashkesimga rozi bo‘lganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Isroil hujumlarni to‘xtatmaguncha harbiy harakatlar to‘xtamasligini aytdi.
“Agar Isroil o‘zining noqonuniy tajovuzini seshanba kuni soat 4:00 gacha to‘xtatsa, Eron javob bermaslik niyatida. Biz harbiy operatsiyalarimizni to‘xtatish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni keyinroq qabul qilamiz”, deb yozdi Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi bugun tongda.
Oq uy rasmiysiga ko‘ra, Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan suhbatda kelishuvni ta’minlagan va Isroil Eron hujumlarni davom ettirmasa, otashkesimga rozi bo‘lgan.
Tramp otashkesim bosqichma-bosqich amalga oshishi, har ikki taraf o‘z operatsiyalarini yakunlab olishlari mumkinligini ta’kidladi.
“Qatar Bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy Eron rasmiylari bilan suhbatda Tehronning kelishuvga roziligini ta’minlagan”, deb xabar berdi “Reuters” manbasi.
Oq uy rasmiysiga ko‘ra, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens, Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff eronliklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita aloqada bo‘lishgan.
Bundan bir necha soat avval uch nafar Isroil rasmiysi Isroil Erondagi operatsiyalarni yakunlash niyatida ekanini bildirgan va bu haqda AQSHni xabardor qilgan. Isroilning Channel 12 telekanali xabar berishicha, Netanyaxu seshanba ertalab vazirlar bilan yig‘ilish o‘tkazib, ularga omma oldida gapirmaslikni buyurgan.
Live
Barchasi