Isroil va HAMAS to‘rt kunlik sulh tuzdi
Olam
−
22 noyabr 2023
5763Bugun, 22 noyabrga o‘tar kechasi bir necha soatlik muhokamalardan so‘ng Isroil hukumati bir necha kun davomida jangovar harakatlarni to‘xtatish evaziga G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olingan ba’zi isroilliklarni ozod qilishni nazarda tutuvchi kelishuvni ma’qulladi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri idorasi xabar berdi.
"Isroil hukumati barcha garovga olinganlarni uylariga qaytarish niyatida. Bugun kechqurun hukumat ushbu maqsadga erishishning birinchi bosqichi rejasini tasdiqladi, unga ko‘ra kamida 50 nafar o‘g‘irlangan ayollar va bolalar to‘rt kun davomida ozod qilinadi, bu vaqt davomida janglar to‘xtatiladi”, deyiladi Binyamin Netanyaxu idorasi bayonotida.
Ta’kidlanishicha, sulh dastlabki to‘rt kunlik muddatdan keyin yana uzaytirilishi mumkin va ozod qilingan har 10 kishi uchun “yana bir tinch kun” qo‘shilishi mumkin.
“Reuters” agentligining manbasiga ko‘ra, HAMAS boshqa garovga olinganlar qatorida uch AQSH fuqarosini, jumladan 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirilgan hujumda ota-onasi halok bo‘lgan uch yoshli qizchani ham ozod qilishi kerak.
HAMAS ham sulhga erishilganini tasdiqladi.
“Ko‘p kunlik og‘ir muzokaralardan so‘ng biz Qatar va Misrning tinimsiz va mohirona sa’y-harakatlari tufayli to‘rt kunlik gumanitar sulh bo‘yicha kelishuvga erishganimizni e’lon qilamiz”, deyiladi HAMAS bayonotda.
HAMASga ko‘ra, 50 nafar garovdagi shaxs – ayollar va 19 yoshgacha bo‘lgan bolalar qo‘yib yuboriladi. Buning evaziga Isroil qamoqxonalaridagi 150 nafar falastinlik – ayollar va 19 yoshgacha bo‘lgan bolalar ozod qilinadi.
Shuningdek, Isroil hukumati bilan kelishuvlarga ko‘ra, har ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektorining barcha hududlariga, shimol va janubga yuzlab yuk mashinalari gumanitar, favqulodda, tibbiy yordam va yoqilg‘i yetkazilishini ta’minlash majburiyatini oladi.
Gumanitar pauza doirasida mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 16:00 gacha G‘azo sektorining janubida va mintaqa shimolida qisman havo qatnovi to‘xtatiladi. Isroil kuchlari sulh davrida G‘azo sektorining barcha hududlarida hech kimga hujum qilmaslik yoki hibsga olmaslik, Salohidddin shossesi bo‘ylab odamlarning shimoldan janubga erkin harakatlanishini ta’minlash majburiyatini oladi.
Birinchi garovga olinganlarning ozod etilishi bir kundan keyin kutilmoqda. Qatar Tashqi ishlar vazirligi amirlikning o‘zi, shuningdek, Misr va AQSH vositachiligida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining boshlanishi yaqin 24 soat ichida e’lon qilinishini ma’lum qildi. Qatarga ko‘ra, garovga olinganlarni ozod qilish Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillari nazorati ostida amalga oshirilishi kerak.
Isroil OAVlarining xabar berishicha, birinchi garovga olinganlar 23 noyabr kunidan ertaroq ozod etilishi kutilmoqda. Aytilishicha, keyingi 24 soat ichida Isroil fuqarolari falastinlik mahbuslarning ozod etilishiga yo‘l qo‘ymaslik talabi bilan mamlakat Oliy sudiga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq OAVda Isroil va HAMAS o‘rtasida 3 kunlik va 5 kunlik sulhga erishish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Kecha, 20 noyabr kuni HAMAS yetakchilaridan biri, guruhning Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya Isroil bilan sulh bitimi tuzishga yaqin ekanini aytgandi.
LiveBarchasi