Isroil va HAMAS Misrda muzokara o‘tkazadi – OAV
Olam
−
06 Oktabr 2335 3 daqiqa
Isroil va HAMAS o‘rtasida vositachilik qilayotgan Misr bugun, 6 oktyabr kuni G‘azo sektoridagi mojaroni yumshatish maqsadida isroillik garovdagilarni falastinlik mahbuslarga almashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Bu muzokaralar AQSH Prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi doirasida tashkil etilmoqda. Misr Tashqi ishlar vazirligining 4 oktyabr kuni bergan bayonotida aytilishicha, muzokaralar “Tramp rejasi taqdim etilgach, yuzaga kelgan mintaqaviy va xalqaro sa’y-harakatlarni rivojlantirishning bir qismi” hisoblanadi.
Uchrashuv aniq qayerda o‘tishi hozircha ma’lum emas. Isroil nashri "Ynet" va bir qancha OAVning xabar berishicha, muzokaralar Misrning Sharm-al-Sheyx shahrida bo‘lishi mumkin. "CNN Arabic" esa manbalariga tayanib, uchrashuv Qohirada o‘tishini bildirgan. Isroil delegatsiyasiga Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning yaqin ittifoqchisi va Strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer rahbarlik qiladi.
Trampning ta’kidlashicha, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi HAMAS Tramp taklif etgan reja bilan rozi bo‘lgan zahoti kuchga kiradi. Netanyaxu esa HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish niyatida ekanini, bu jarayon diplomatik yo‘l bilan ham, zarurat bo‘lsa harbiy yo‘l bilan ham amalga oshirilishini aytgan.
HAMAS harakati Tramp taklif qilgan almashuv formulasi asosida Isroilga qolgan tirik garovdagilarni va halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirishga rozilik bildirgan. Guruh bayonotida “zarur shart-sharoitlar yaratilsa, muzokaralarni vositachilar orqali darhol boshlashga tayyormiz” deyiladi.
Qayd etish joiz, vaziyat 2023 yilning 7 oktyabr kunida keskinlashgan. O‘sha kuni HAMAS Isroilga yirik hujum uyushtirdi. Ular Isroilga ko‘plab raketalar yo‘llab, hududga bostirib kirdi va zamonaviy Isroil tarixidagi eng yirik tinch aholiga qarshi qonli hujumni amalga oshirgan. Oqibatda taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan, 250 dan ortiq kishi garovga olingan. Ayrim garovdagilar keyinchalik almashuv yoki harbiy amaliyotlar orqali ozod etilgan, ayrimlari esa halok bo‘lgan.
Isroil HAMASGA qarshi urush e’lon qilgan va G‘azo sektorida qirg‘in boshlagan. Keyingi yerusti amaliyotlari va bombardimonlar ortidan 65 mingga yaqin falastinlik halok bo‘lgan, 146 mingdan ziyod kishi yaralangan.
Trampning rejasi
2025 yilning sentyabr oyi oxirida Donald Tramp Binyamin Netanyaxu bilan uchrashuvda G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasini e’lon qildi. Reja garovdagilarni ozod qilishni, jangovar harakatlarni to‘xtatish va G‘azo boshqaruvini yangi mustaqil tuzilmaga topshirishni nazarda tutadi. Shundan so‘ng, Isroil G‘azodagi hujumlarni sekinlashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroildan G‘azoga havo hujumlarini darhol to‘xtatishni talab qilgandi. Bu chaqiriq HAMASning garovdagi shaxslarni ozod etishga va urushni tugatishga qaratilgan AQSH rejasining ayrim shartlarini qabul qilishidan keyin yangradi.
Live
Barchasi