Isroil va HAMASga uzoq muddatli sulh taklif qilindi
Olam
−
22 aprel 4127 2 daqiqa
Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilayotgan Misr va Qatar o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi taklifni ilgari surdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu reja besh yildan yetti yilgacha sulh tuzishni, barcha isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslar evaziga ozod qilishni nazarda tutadi. Shuningdek, rejaga ko‘ra, urush rasman to‘xtatiladi va Isroil anklavdan to‘liq chiqadi.
Qatar OAVga ko‘ra, joriy yilning 20 aprel kuni Isroil vositachilar bilan muzokaralar olib borish va HAMAS bilan muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish uchun Qohiraga borgan, lekin Isroil tomoni hali vositachilar rejasiga izoh bermagan.
Muzokaralar jarayonidan xabardor falastinlik amaldorning BBCʼga aytishicha, HAMAS G‘azo boshqaruvini “milliy va mintaqaviy darajada” har qanday Falastin tashkilotiga topshirishga tayyorligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu G‘arbiy sohilda faoliyat yuritayotgan Falastin ma’muriyati yoki yangi tashkil etilgan ma’muriy organ bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida Isroil va HAMAS Misr, Qatar hamda AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Biroq Isroil 18 mart kuni G‘azo sektoriga zarbalar berishni qayta boshladi. Ushbu qaror HAMAS Isroil asirlarini ozod qilishdan bir necha bor bosh tortgani va barcha takliflarni rad etgani sababli qabul qilingani bilan izohlandi.
20 mart kuni esa Isroil G‘azo sektorining markazi va janubida quruqlikdagi harbiy operatsiyalarni ham qayta boshladi. Armiyaning asosiy vazifalari sifatida “xavfsizlik hududini kengaytirish” va “eksklavning shimoli va janubida qisman bufer zonasini yaratish” qayd etilgan. Bundan tashqari, armiya “Jo‘lon” brigadasini Isroil janubiga joylashtirishga qaror qilgan. Harbiylar “G‘azo sektoridagi operatsiyalar uchun to‘liq jangovar tayyorgarlik holatida” qolishi ma’lum qilingan.
Live
Barchasi