Isroil Somalilendni tan olgan birinchi davlat bo‘ldi (video)

Olam

image

Isroil Somalilendni mustaqil va suveren davlat sifatida rasman tan oldi. Tegishli deklaratsiyani Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Somalilend Prezidenti Abdurahmon Muhammad Abdulloh imzoladi. Bu haqda Isroil Bosh vazirining matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Isroil Somalilend Respublikasi bilan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, texnologiyalar va iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali munosabatlarni zudlik bilan kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Somalilend hududi 1884–1960 yillarda Britaniya Somalilend sifatida mavjud bo‘lgan. U Qizil dengizdan Hind okeaniga o‘tuvchi muhim dengiz yo‘llarini nazorat qilish imkonini beradigan strategik hududda joylashgan. 1960 yillarda Afrikadagi dekolonizatsiya jarayonlari fonida Somalilend mustaqilligini e’lon qilgan, biroq oradan bir necha oy o‘tib, sobiq Italiya mustamlakalari bilan birga yirik Somali davlati tarkibiga kirgan. 1988 yilda boshlangan fuqarolar urushi oqibatida mamlakat amalda bir necha o‘zini o‘zi boshqaruvchi hududlarga bo‘linib ketgan, ular orasida Somalilend ham bor.

Netanyaxu imzolangan deklaratsiya 2020 yilda AQSH vositachiligida Isroil va Bahrayn, Marokash hamda BAA o‘rtasida tuzilgan “Ibrohim kelishuvlari” ruhiga mos kelishini ta’kidladi. Keyinchalik bu kelishuvlarga Misr va Sudan qo‘shilgan, 2025 yil noyabrida esa Qozog‘iston ham shunday niyatini bildirgan.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bitim ikki tomonlama tan olishni, to‘liq diplomatik munosabatlar o‘rnatishni, elchilar tayinlash va elchixonalar ochishni nazarda tutishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida Isroil va Somalilend o‘rtasidagi aloqalar faol muloqot asosida shakllangan.

Isroilning Somalilendni tan olish qarori Turkiya, Misr, Somali va Jibuti Tashqi ishlar vazirlari tomonidan tanqid qilingan. Ular Somalining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirgan.

Somalilend 1991 yilda bir tomonlama mustaqilligini e’lon qilgan bo‘lsa-da, hozirgacha hech bir davlat yoki xalqaro tashkilot uni rasman tan olmagan edi. Xalqaro hamjamiyat Somalilendni Somalining bir qismi sifatida ko‘rib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Bin'yamin Netan'yaxu Somalilend Abdurahmon Muhammad Abdulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing