Isroil politsiyasi Al-Aqso masjidiga bostirib kirdi
Olam
−
15 aprel 2022
16303Bugun, 15 aprel kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidida muqaddas qadamjo hududiga kirgan Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Falastin Qizil Yarim Oy qutqaruv xizmati voqeada 59 nafar falastinlik yaralanganini bildirdi.
Masjidni nazorat qiluvchi Islom jamg‘armasi Isroil politsiyasi musulmonlar masjidiga tong otishidan oldin, namozxonlar bomdod namoziga yig‘ilgan paytda kirganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Wafa axborot agentligi.
Qayd etilishicha, Isroil harbiylari rezina o‘qlar, shovqinli bombalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlardan otishni boshlagan. Falastinliklar bunga tosh otish bilan javob bergan.
Isroil rasmiylari voqea yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi Isroil politsiyasining bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirishini eng keskin tarzda qoraladi. Iordaniyaning “Petra” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xaysem Abul Ful Tel-Avivni keskin tanqid qilgan.
Abul Fulning aytishicha, politsiyaning musulmonlar ziyoratgohi hududiga bostirib kirishi va namozxonlarga hujum qilishi xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Iordaniya rasmiysi Isroil rasmiylarini Al-Aqso masjididan politsiya va maxsus kuchlarni zudlik bilan olib chiqishga chaqirdi. Abul Fulning aytishicha, Al-Aqso masjidi atrofida keskinlik kuchayishi xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.
Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.
Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.
Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.