Isroil Nasrullohni o‘ldirganini e’lon qildi
Olam
−
28 Sentabr
9470Isroil kecha, 27 sentyabr kuni Bayrutga bergan zarbasi oqibatida “Hizbulloh” harakati rahbari Hasan Nasrulloh o‘lganini e’lon qildi. Bu haqda bugun, 28 sentyabr kuni SAXAL bayonot berdi.
“Hizbulloh” terror tashkiloti rahbari va uning asoschilaridan biri Hasan Nasrulloh “Hizbulloh” janubiy fronti qo‘mondoni Ali Karki va “Hizbulloh”ning boshqa qo‘mondonlari bilan birga SAXAL tomonidan o‘ldirildi”, deyiladi bayonotda.
Hujjatda yozilishicha, Nasrulloh bir kun avval Bayrut janubidagi Dahiya tumanidagi qarorgohiga “Hizbulloh” rahbariyati yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan paytda berilgan “aniq havo hujumi” oqibatida o‘ldirilgan. “Hizbulloh”ning markaziy shtab-kvartirasi turarjoy binosi ostida joylashgani xabar qilingan.
Isroil bayonotiga qaramay, “Hizbulloh” hali yetakchisining vafot etganini tasdiqlamadi. Avvalroq Isroilning qator OAVlari Nasrullohning o‘limi haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, “Reuters” va AFP axborot agentliklari “Hizbulloh”dagi manbalariga tayanib, Nasrulloh tirik ekani, Eronning “Tasnim” agentligi esa u xavfsiz joyda ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 sentyabr kuni kechqurun Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari “Hizbulloh” tashkiloti shtab-kvartirasi joylashgan Bayrutning janubiy chekkasidagi aholi zich joylashgan Dahiya tumaniga kamida 10 marta raketa hujumi uyushtirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning so‘nggi havo hujumi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 76 kishi jarohatlangan, 15 nafar yarador shifoxonalarga yetkazilgan.