Isroil Livanga qo‘shin kiritdi

Olam

image

Bugun, 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi quruqlikdagi operatsiyani boshladi. Isroil tanklari allaqachon Rmeish qishlog‘i hududiga yetib bordi. Bu haqda “Al Arabiya” va “Al Hadath” telekanallari xabar berdi.

Bundan oldin Isroilning zirhli texnikalari artilleriya va aviatsiya niqobi ostida Livanning chegara hududlariga kirib kelgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ayni paytda, Germaniyaning DPA axborot agentligi Livan xavfsizlik xizmatidagi manbalarga tayanib, ayni damda Livanning Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegarasida Isroil tanklari yo‘qligini xabar qildi.

Bir necha soat oldin SAXAL Isroil shimolida – Metula, Misgav Am va Kfar Giladi aholi punktlari hududida yopiq harbiy zona tashkil etilganini rasman e’lon qildi. Deyarli bir vaqtning o‘zida Livan armiyasining bo‘linmalari mamlakat janubidagi o‘z pozitsiyalarini tark etib, besh kilometr ichkariga chekinishgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni vaqtda SAXALning rasmiy vakili Daniel Hagariy 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil harbiylarining harakatlari haqida ma’lumot tarqatmaslikka chaqirdi.

“So‘nggi soatlarda SAXALning Livan chegarasidagi faoliyati haqida ko‘plab xabar va mish-mishlar tarqaldi. Sizdan kuchlar faoliyati haqida hech qanday xabar tarqatmasligingizni so‘raymiz. Faqat rasmiy xabarlarga amal qiling va mas’uliyatsiz mish-mishlarni tarqatmang”, deb yozdi Hagariy X ijtimoiy tarmog‘ida.

Avvalroq ba’zi isroillik siyosatchilar ijtimoiy tarmoqlarda SAXALning Livandagi harbiy amaliyoti boshlanishiga ishora sifatida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan postlarni e’lon qilgan edi.

Bildirilishicha, kecha, 30 sentyabr kuni Isroil Qo‘shma Shtatlarni Livan janubida “cheklangan quruqlikdagi operatsiya” o‘tkazishga qaror qilgani haqida ogohlantirdi, bunda asosiy e’tibor Isroil bilan chegaradosh hududlar aholisiga “tahdidni bartaraf etish” uchun chegara bo‘ylab “Hizbulloh” infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan.

“Isroil tomoni bizni chegara yaqinidagi “Hizbulloh” infratuzilmasini nishonga olgan cheklangan operatsiyalarni boshlagani haqida xabardor qildi. Biz ular bilan bu masala bo‘yicha ba’zi muzokaralar o‘tkazdik”, dedi AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller.

Miller Qo‘shma Shtatlar Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Isroil 2024 yil sentyabr oyining ikkinchi yarmida “Hizbulloh”ga qarshi “oldindan harbiy operatsiya” boshladi.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabrga o‘tar kechasi SAXAL avvalroq shaharning janubiy chekkasida zarbalar berib, Bayrut markaziga birinchi marta hujum qilgandi. Isroil havo hujumlari oqibatida guruhning bir necha yetakchilari halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Hizbulloh TsAXAL quruqlikdagi operatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing