Isroil Livan janubiga zarba berdi (video)

Olam

image

Bugun, 20 oktyabr kuni Isroil armiyasi (SAXAL) Livan janubida joylashgan “Hizbulloh” harakati ob’ektlariga zarba berdi va guruh butun mamlakat bo‘ylab o‘z infratuzilmasini tiklashga urinayotganini iddao qildi. Bu haqda SAXAL matbuot xizmati xabar berdi.

“Bir necha daqiqa avval SAXAL Livanning Nabatiya viloyatidagi “Hizbulloh” infratuzilmasi ob’ektlariga zarba berdi. “Hizbulloh” tashkiloti butun Livan bo‘ylab o‘z infratuzilmasini qayta tiklashga urinmoqda”, deyiladi bayonotda. 

Livan hukumati esa bir necha bor Isroilning mamlakat suverenitetini muntazam ravishda buzayotganini, 2024 yil noyabrida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga qaramay, bu amaliyotlar davom etayotganini bildirgan. Livan tomonining ma’lum qilishicha, Isroil qurolli kuchlari hanuzgacha mamlakat janubidagi beshta strategik nuqtada, jumladan, Gajar qishlog‘ining shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, bu holat BMT Xavfsizlik kengashining 1701-sonli rezolyutsiyasini buzish va bosqinchilik sifatida baholanmoqda.

O‘z navbatida, Isroil armiyasi zarbalar “Hizbulloh” harakatining harbiy infratuzilmasiga va uning harbiy qanotidagi rahbariyatini yo‘q qilish maqsadida berilayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyi oxirida Isroil samolyotlari Livanning janubi-sharqidagi Bekaa vodiysiga havodan bir qator zarbalar bergan edi. O‘shanda ham SAXAL “Hizbulloh”ning yuqori aniqlikdagi raketalar ishlab chiqaruvchi ob’ektiga hujum uyushtirilganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan TsAXAL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing