Isroil Livan janubidagi 3 ta maktabni portlatib yubordi

Olam

image

Kecha, 17 iyul kuni Isroil harbiylari Livan janubidagi uchta maktabni talon-toroj qilib, so‘ng portlatib yubordi. Bu haqda mamlakat Ta’lim vaziri Rima Karamiy ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, Isroil harbiylari maktablardagi buyumlarni olib chiqqanidan keyin binolarni portlovchi moddalar yordamida butunlay vayron qilgan. Karamiy mazkur maktablar urush davomida vayron qilingan ta’lim muassasalari ro‘yxatiga qo‘shilganini bildirgan.

Karamiy ta’lim tizimining yo‘q qilinishi butun dunyo ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotganini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni Isroilga ta’lim muassasalariga hujumlarni to‘xtatish va maktablarni harbiy harakatlardan himoya qilish uchun bosim o‘tkazishga chaqirgan.

Livan rasmiylariga ko‘ra, mart oyidan buyon Isroil hujumlari oqibatida kamida 4 324 kishi halok bo‘lgan, 12 223 kishi jarohat olgan va bir milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Qurbonlar orasida 250 nafar bola ham bor.

Ma’lumot o‘rnida, UNESCO iyun oyida Livanda 17 ta maktab butunlay vayron qilingani, 100 dan ortiq ta’lim muassasasiga zarar yetganini ma’lum qilgan. So‘nggi hodisalardan keyin vayron qilingan maktablar soni kamida 20 taga yetgan.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro tufayli Livanda 500 mingga yaqin bola ta’limdan mahrum bo‘lgan. UNESCO ta’limdagi uzoq muddatli uzilishlar bolalarning rivojlanishi va farovonligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, Livan va Isroil 19 iyun kuni AQSH vositachiligida ishlab chiqilgan kelishuvni imzolagandi. Unda Isroil qo‘shinlarining bosib olingan Livan hududlaridan bosqichma-bosqich chiqib ketishi nazarda tutilgan, ammo chiqish muddati belgilanmagan va jarayon “Hizbulloh”ning qurolsizlantirilishiga bog‘langan.

BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) bahosiga ko‘ra, mart oyidan beri mojaro kuchayganidan so‘ng Livan janubida 11 mingdan ortiq bino vayron qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing