Isroil Livan janubida quruqlikdagi operatsiyani boshladi

Olam

image

Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) Eronga qarshi operatsiya bilan bir vaqtda Livan janubida ham harakat qilmoqda va “oldingi mudofaani kuchaytirish uchun” chegara yaqinidagi bir nechta nuqtalarda pozitsiyalarni egallamoqda. Bu haqda SAXAL matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, SAXAL “tahdidlarni bartaraf etish va Isroil hududiga bostirib kirishga urinishlarning oldini olish uchun” “Hizbulloh” infratuzilmasiga “aniq zarbalar” bermoqda.

Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats o‘zi va Bosh vazir Binyamin Netanyaxu harbiylarga “Isroilning chegaraoldi aholi punktlari o‘qqa tutilishini to‘xtatish uchun Livandagi qo‘shimcha strategik hududlarni egallash va u yerda ilgarilashga ruxsat berganini” ma’lum qilgan.

2024 yilda “Hizbulloh” bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvdan so‘ng, Isroil Livan ichkarisidagi beshta strategik muhim nuqtada o‘z quruqlikdagi qo‘shinlarini qoldirgan.

“Hizbulloh” 2 martga o‘tar kechasi Isroilga raketa va dronlar uchirgan va buni Eron Oliy rahbari Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi uchun qasos deb atagan. Shundan so‘ng, Isroil Mudofaa armiyasi Bayrut va Livan janubidagi “Hizbulloh”ga aloqador nishonlarga zarba bera boshladi. SAXAL Bosh shtabi boshlig‘i general Eyal Zamir Isroil “bir necha frontda urush olib borish ssenariysiga” tayyor ekanini aytdi.

Bugun, 3 martga o‘tar kechasi Livan tomonidan Isroilga bir nechta raketa va dronlar uchirildi. Raketa va uchish apparatlarining bir qismi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan tutib qolindi, qolganlari kimsasiz hududlarga tushdi. O‘z navbatida, Isroil Mudofaa armiyasi “Hizbulloh”ga qarshi keng ko‘lamli zarbalar berilishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hizbulloh” Isroilga dron va raketa zarbalari berganidan so‘ng Livan hukumati guruhning harbiy harakatlarini taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing