Isroil xavfsizlik, falastinliklar esa o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega – Mahmud Abbos

Olam

image

Isroil to‘liq chegara xavfsizligi, falastinliklar esa o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega. Bu haqda Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forum doirasidagi maxsus sessiyadagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.

Davlat rahbari BMTga Falastinni tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilishni so‘rab murojaat qildi, shuningdek, Yevropa davlatlarini Falastin davlatini tan olishga chaqirdi.

“Isroil to‘liq xavfsizlik huquqiga ega. Biz falastinliklar esa, xuddi butun dunyo xalqlari kabi o‘z taqdirini o‘zi belgilash va mustaqil davlatchilik huquqiga egamiz”, deya qo‘shimcha qildi Abbos.

Shuningdek, u bosib olingan G‘arbiy Sohildan falastinliklarning ko‘chirilishi ehtimolidan xavotir bildirdi.

"Men G‘azo sektoridagi hujumlar yakunlangach, Isroil G‘arbiy Sohilga borib, odamlarni Iordaniyaga deportatsiya qilishidan xavotirdaman", degan Prezident.

Mahmud Abbos AQSH Isroilni to‘xtashga majbur qila oladigan yagona davlat ekanini ta’kidladi. U sodir bo‘lgan voqealar uchun AQSHni javobgar deb hisobladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Falastin xalqi G‘azodan ham, G‘arbiy Sohildan ham majburan chiqarib yuborilishni qabul qilmaydi.

Falastin rahbari G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatib, eksklavga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlashga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoridagi hujumlarida 34454 kishi halok bo‘ldi, ulardan kamida 14685 nafari bolalar va 9670 nafari ayollar, yana 77575 nafari yaralangan. Minglab qurbonlar vayronalar ostida qolmoqda. Isroil armiyasi blokadadagi Falastin anklavidagi fuqarolik infratuzilmasini vayron qilib, shifoxonalar va ta’lim muassasalarini nishonga olmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil Mahmud Abbos G'azo Ar-Riyod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing