Isroil qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan xorijliklar sonini ochiqladi. Unda o‘zbekistonliklar ham bor
Jamiyat
−
21 Oktabr 2023 8041 2 daqiqa
Isroil o‘ldirilgan yoki o‘g‘irlab ketilgan xorijiy fuqarolar haqidagi yangilangan ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lib, uch nafari yo‘qolgani qayd etilgan. Bu haqda Isroilning rus tilidagi “Newsru.co.il” portali yozmoqda.
Shuningdek, nashr yana bir qator mamlakatlarning halok bo‘lgan yoki yo‘qolgan fuqarolari haqidagi ma’lumotlarni ham ochiqlagan. Jumladan, 20 oktyabr holatiga ko‘ra:
- 32 nafar AQSH fuqarosi halok bo‘lib, 8 nafari bedarak ketgan;
- 22 nafar fransiyalik qurbon bo‘lgan;
- 24 nafar Ukraina fuqarosi halok bo‘lib, 3 nafari bedarak yo‘qolgan;
- 21 nafar rossiyalik qurbon bo‘lgani aytilgan.
Halok bo‘lganlar orasida Kanada, Avstriya, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Ispaniya, Latviya, Litva, Portugaliya, Ruminiya, Chili, Peru, Paragvay, Ozarbayjon, Belarus, Moldova, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Shri-Lanka, Kambodja, Filippin, Nepal, Janubiy Afrika, Sudan, Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston fuqarolari ham bor.
Ushbu jadvalda Isroildagi qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan va yo‘qolganlarning miqdori keltirilgan.

Biroq O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasiga fuqarolar halok bo‘lgani haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmagan.
Ma’lumot uchun, 15 oktyabr holatiga ko‘ra, Isroilda 148 nafar xorij fuqarosi halok bo‘lib, 143 nafari bedarak yo‘qolgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil TIV qurolli to‘qnashuvlar oqibatida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani, to‘rt nafari bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgandi.
Keyinchalik O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi G‘azo sektorida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqida rasmiy bayonot bilan chiqib, qurolli mojarolar vaqtida O‘zbekistonda tug‘ilgan va 90 yillarda repatriatsiya dasturiga muvofiq Isroilga ko‘chib ketgan 5 (besh) nafar kishi halok bo‘lganini bildirdi. Halok bo‘lganlar amaldagi O‘zbekiston fuqarolik pasportlariga ega emasligi aniqlangan.
Live
Barchasi