Isroil qochqinlar lageriga zarba berdi. 70 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
25 dekabr 2023
3263Isroilning G‘azo sektori markazidagi Al-Mag‘ozi qochqinlar lageriga uyushtirgan hujumida kamida 70 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda eksklav Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, CNN xabar berdi.
Vazirlik matbuot kotibi Ashraf Al-Kidra qochqinlar lagerida sodir bo‘layotgan voqealar odamlar yashaydigan gavjum maydondagi "ommaviy qotillik" ekanini aytgan.
HAMASning harbiy qanoti esa so‘nggi to‘rt kun ichida 48 isroillik askar halok bo‘lganini va yana "o‘nlab" harbiy yaralanganini yozgan. Shuningdek, HAMAS Isroilning 35 harbiy mashinasini to‘liq yoki qisman yo‘q qilganini bildirgan.
Jurnalistlarning so‘roviga javoban, Isroil mudofaa kuchlari lagerda sodir bo‘lgan voqea haqida xabar olganini va hozir buni tekshirayotganini ma’lum qilgan.
“G‘azo sektorining tinch aholi punktlarida harakat qilayotgan HAMAS terrorchilari tomonidan yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, SAXAL xalqaro qonunlarga amal qiladi, shu jumladan tinch aholiga yetkaziladigan zararni kamaytirish uchun mumkin bo‘lgan choralarni ko‘radi”, deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 7 oktyabrdan beri G‘azo sektorida 20 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 53 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq HAMAS G‘azo sektorida Isroil maxsus kuchlari otryadi yo‘nalishidagi tunnelni portlatib yuborganini ma’lum qilgandi.