Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohiliga havo hujumi uyushtirdi
Olam
−
20 Oktabr 2023
7904Isroil Mudofaa kuchlari Iordan daryosining g‘arbiy sohiliga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda “The Jerusalem Post” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, samolyotlar yordamida “Nur Shams” lageridagilar hujumga uchragan, oqibatda bir necha jangchi yo‘q qilingan. Isroil kuchlari terrorizmda gumon qilinganlarni qo‘lga olish maqsadida “Nur Shams”da reyd o‘tkazmoqda. Hozirda o‘n nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan.
Qizil Xoch tashkilotiga ko‘ra, reydda sakkiz falastinlik halok bo‘lgan. “The Jerusalem Post” esa o‘n nafar isroillik chegarachi ularga portlovchi moddalar otilishi oqibatida jarohatlanganini yozgan.
BBC esa Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohiliga zarba berish uchun kamdan kam hollarda samolyotlardan foydalanishini ma’lum qilgan.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shu vaqt ichida Isroilda 1,4 ming, G‘azo sektorida 3,7 mingdan ortiq qurbonlar bor.
LiveBarchasi