Isroil G‘azoni yana bombaladi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Isroilning G‘azo sektoriga havo hujumi oqibatida kamida 2 nafar falastinlik halok bo‘lib, yana 13 kishi yaralandi. Bu haqda mahalliy tibbiyot xodimlariga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 13 sentyabr kuni shaharning “Tal al-Hava” mahallasida harakatlanayotgan avtomobilga zarba berilgan. Sog‘liqni saqlash rasmiylarining ma’lum qilishicha, hujumda halok bo‘lgan 2 kishining jasadlari bo‘laklarga ajralib ketgan va ularning shaxsini aniqlash uchun aholidan yordam so‘ralgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va nashr tomonidan haqiqiyligi tasdiqlangan videolarda hujumga uchragan avtomobilning qattiq shikastlangani, tomi va eshiklari uzilib ketgani ko‘rinadi.

Isroil harbiylari esa hujumda HAMASning ikki nafar a’zosi nishonga olinganini ma’lum qilgan.

Bu hujum AQSH vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘tgan yil oktyabrda “o‘t ochishni to‘xtatish” bo‘yicha kelishuvga erishilganidan keyin G‘azoda deyarli har kuni sodir bo‘layotgan zarbalarning navbatdagisi bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, AQSH vositachiligidagi “sulh” boshlanganidan buyon Isroilning G‘azo bo‘ylab hujumlarida 1300 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

HAMAS Isroilni “o‘t ochishni to‘xtatish” kelishuvini buzishda va AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azodagi urushni tugatish rejasiga to‘sqinlik qilishda ayblagan. Ushbu reja keyinchalik Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqarilishi va HAMASning qurolsizlantirilishini ham nazarda tutadi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, 13 sentyabr kuni so‘nggi kunlarda bir nechta shifoxonaning generatorlari neft, yoqilg‘i va ehtiyot qismlar tanqisligi sabab ishlashdan to‘xtaganini ma’lum qilgan.

Rasmiylarning aytishicha, Isroil G‘azoga kirishiga ruxsat bergan cheklangan miqdordagi neft faqat shoshilinch ehtiyojlarni qoplamoqda va shifoxonalarga har oy zarur bo‘lgan 2500 litr yoqilg‘idan ancha kam.

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 12 sentyabr kuni Irlandiyaga tashrifi chog‘ida ma’muriyatining G‘azo bo‘yicha faoliyatini himoya qilgan.

“Biz yong‘inni o‘chirdik va barcha garovdagilarni qaytardik. Hozir G‘azoda juda kam narsa sodir bo‘lmoqda”, degan Tramp jurnalistlarga.

U, shuningdek, G‘azoda hozir “ko‘plab yaxshi munosabatlar” o‘rnatilayotganini ta’kidlab, ma’muriyati bu borada “katta ish qilganini” aytgandi.

Mahalliy rasmiylarning ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning 2023 yil oktyabridan beri davom etayotgan urushida kamida 73 669 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasining G‘azo sektoriga bergan ikki havo zarbasi oqibatida kamida 2 kishi, jumladan, 4 yoshli bola halok bo‘lgan, yana 7 kishi jarohatlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing