Isroil G‘azo shimolida yangi hujumga tayyorlanmoqda
Olam
−
30 iyun 2025 2440 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 29 iyun kuni Isroil va HAMASni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Anklavdagi janglar 20 oydan beri davom etmoqda. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralar 12 kunlik Eron-Isroil urushi sulh bilan yakunlanganidan so‘ng faol bosqichga kirdi.
“Associated Press” xabariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu yaqin haftalarda Vashingtonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer ham yaqin kunlarda u yerga kelib, otashkesim masalasini muhokama qiladi.
Trampning sulh tuzishga chaqirishidan sal avval Isroil G‘azo sektoriga zarba berdi. Falastin tibbiyot muassasalari ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 60 kishi halok bo‘lgan. Otishma 27 iyun kuni kechqurun boshlandi va 28 iyun kuni ertalabgacha davom etdi: G‘azo shahridagi Falastin stadioni yaqinida 12 kishi, turarjoy kvartiralarida 8 kishi halok bo‘ldi. 20 dan ortiq jasad Nosir shifoxonasiga yetkazilgan. 28 iyun kuni G‘azo shahri sharqidagi hujumda 11 kishi halok bo‘ldi
“G‘azoda kelishuv tuzing. Garovga olinganlarni qaytaring!!!” deya yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.
U avvalroq bir hafta ichida kelishuvga erishish mumkinligini aytgan edi.
HAMAS vakili Mahmud Merdaviy Netanyaxuni muzokaralarni to‘xtatib qo‘yganlikda aybladi, chunki u faqat 10 nafar garovga olinganni ozod qilish evaziga vaqtinchalik sulh tuzishni talab qilgan. HAMAS esa Isroilning G‘azodan to‘liq chiqib ketishi sharti bilan barcha garovdagilarni qaytarishga tayyor. Isroil bu taklifni rad etib, taslim bo‘lishni, qurolsizlanishni va guruhni chiqarib yuborishni talab qilmoqda.
Netanyaxu Mudofaa vaziri Isroil Kats va Bosh shtab boshlig‘i general-leytenant Eyal Zamir bilan uchrashuv o‘tkazib, G‘azodagi hujumni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilaydi. Isroil ommaviy axborot vositalari rejalashtirilgan operatsiya “barcha oldingilaridan farq qilishini” ta’kidladi.
SAXAL G‘azo shimolidan falastinliklarni ommaviy evakuatsiya qilishni buyurdi. Quyidagi hududdagilar bo‘lib turgan joyini tark etishi kerak:
- G‘azo shahrining sharqiy va shimoliy qismlarida joylashgan mahallalar
- Jabaliya qochqinlar lageri
SAXAL matbuot kotibi Avichay Edrayning aytishicha, aholi janubga, Al-Mavasi hududiga ko‘chib o‘tishi kerak. Inson huquqlari guruhlari bunday harakatni majburiy ko‘chirilish bilan teng deb hisoblaydi.
Live
Barchasi