Isroil garovdagi 40 kishi evaziga 700 falastinlikni qamoqdan ozod qilishi mumkin – OAV 

Olam

image

Qatardagi muzokaralarda Isroil G‘azo sektorida HAMAS tomonidan garovga olingan 40 nafar isroillik evaziga 700 nafar falastinlikni qamoqdan ozod qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Walla” portali xabar berdi.

Portal bilan bog‘langan isroillik rasmiyga ko‘ra, Isroil tomoni ozod qilishi mumkin bo‘lgan falastinlik mahbuslar orasidagi 100 nafari isroilliklarni o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda. Manbaga ko‘ra, shunga o‘xshash taklif Qatar tomonidan uch hafta oldin ilgari surilgan edi, ammo o‘shanda Isroil keskin rad javobini bergan.

“Walla”ning yozishicha, Isroil shu hafta oxirida Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Qatar va Misr vositachilari bilan aloqada bo‘lgan AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byornsning vositachilik harakatlari ortidan ozod qilinadigan falastinliklar soni bo‘yicha moslashuvchan bo‘lishga tayyorligini bildirgan.

Bundan tashqari, Isroil rasmiylari AQSHning G‘azo sektorining shimoliy qismiga tinch aholini qaytarish bo‘yicha takliflarini muhokama qilishga tayyor ekanini aytgan. 

“Gap isroillik garovga olinganlar ozod etila boshlaganidan keyin 2 mingdan ortiq falastinliklar anklav shimoliga bosqichma-bosqich qaytishi haqida bormoqda. Ilgari bu masala muzokarachilar o‘rtasidagi kelishmovchilikning asosiy nuqtalaridan biri edi”, deya xabar beradi “Walla”.

Ayni damda Qatar poytaxti Dohada 18 mart kuni boshlangan muzokaralar davom etmoqda. Buni Qatar TIV rasmiy vakili Majid bin Muhammad al-Ansoriy tasdiqladi. U Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda hech qanday yutuqlar bo‘lmasa-da, ishtirokchilar maslahatlashuvlarning ehtimoliy istiqbollariga ehtiyotkorlik bilan optimistik qarashlarini qo‘shimcha qildi. AFP’ning xabar qilishicha, Isroil razvedka xizmati “Mossad” direktori David Barnea va AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns Dohada navbatdagi maslahatlashuvlar o‘tkazgandan so‘ng uni tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing