Isroil Falastinni tan olayotgan Fransiyaga keskin javob qaytarmoqchi – “Politico”
Olam
−
19 Sentabr 2025 6077 2 daqiqa
BMT Bosh Assambleyasining joriy yil sentyabrdagi sessiyasida Fransiya Falastinni tan oladigan bo‘lsa, Isroil keskin qarshi choralar ko‘radi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Politico” xabar berdi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron joriy yilning iyul oyida yaqinlashib kelayotgan BMT sessiyasida Falastinni davlat sifatida tan olinishini qo‘llab-quvvatlash niyatini e’lon qilgan edi. Bunga javoban Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu qarshi choralar bo‘yicha turli ssenariylarni ishlab chiqmoqda. “Politico” ma’lumotiga ko‘ra, ehtimoliy javob choralari qatoriga Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi hududlarni anneksiya qilish jarayonini tezlashtirish, Quddusdagi Fransiya konsulligini yopish va Isroil hududida Fransiyaga aloqador ob’ektlarga, jumladan, xristianlarning Eleona muqaddas joyiga kirishni cheklash kiradi.
Isroil Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sharren Xaskel avvalroq konsullikni yopish masalasi Bosh vazir Netanyaxuning kun tartibida ekanini tasdiqlagan. Bir yevropalik diplomatning “Politico”ga ma’lum qilishicha, Isroil “javob choralarida hech narsadan qaytmaydi” va mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashadi. U, shuningdek, Emmanuel Makronni Falastinni tan olish jarayonining “harakatlantiruvchi kuchi” deb atagan, bu esa Netanyaxu bilan muloqotni qiyinlashtirgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 22 sentyabr kuni Fransiya BMTda Falastinni tan olishga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shunga o‘xshash pozitsiyani Buyuk Britaniya ham egallagan. Ya’ni, agar Isroil G‘azodagi harbiy amaliyotni to‘xtatmasa va gumanitar yordam yetkazib berishga qo‘yilgan to‘siqlarni davom ettirsa, mamlakat BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi boshlanishidan oldin Falastinni tan olish niyatida.
Bugungi kunda Falastinni BMTga a’zo 147 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham tan olgan. 2024 yilda AQSH veto huquqidan foydalanib, Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. O‘shandan beri Irlandiya, Norvegiya, Ispaniya va Armaniston kabi yana o‘n davlat Falastinni davlat sifatida tan olishini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya Mudofaa vazirligi G‘azodagi urush fonida Isroilning Elbit Systems kompaniyasi bilan PULS artilleriya tizimini yetkazib berishga oid 700 million yevrolik shartnomani bekor qilgani haqida xabar berilgan edi.