Isroil Eronga hujum qildi
Olam
−
19 aprel
40025Bugun, 19 aprel kuni ertalab Isroil Erondagi ob’ektga raketa hujumi uyushtirdi. Bu haqda amerikalik mulozimga tayanib, ABC telekanali xabar berdi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, “Fars” agentligi Eronning Isfahon viloyatida portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi. Qayd etilishicha, shimoli-g‘arbiy Isfahon viloyatidagi harbiy baza yaqinida uchta portlash sodir bo‘lgan.
CNN amerikalik mulozimga tayanib xabar berishicha, Isroil Erondagi yadroviy inshootlarga hujum qilmaydi. “Tasnim” agentligi ham manbalarga tayanib, Isfahon viloyatidagi yadro inshootlari butunlay xavfsiz ekanini xabar qildi.
Ehtimoliy zarba haqidagi xabarlar tufayli Eron havo hududidagi kamida sakkizta reys boshqa joyga yo‘naltirildi. Tehron aeroportida Toshkent vaqti bilan soat 08:00 gacha xalqaro reyslar bekor qilindi. Eron ba’zi shaharlar ustida parvozlarni to‘xtatdi.
IRNA axborot agentligi Eronning bir qancha viloyatlaridagi havo hujumidan mudofaa kuchlarining ishga tushganini xabar qildi.
“Kecha, 18 aprel kuni Isroil AQSHni Eronga yaqin 24-48 soat ichida zarba berish niyati borligi haqida ogohlantirdi”, deb yozdi “Bloomberg”.
“AQSH Isroilning Eronga hujumida ishtirok etmadi, biroq bu haqda ogohlantirildi”, deb xabar berdi NBC.
CNN amerikalik mulozimga tayanib, Qo‘shma Shtatlar yahudiy davlatining javob hujumini qo‘llab-quvvatlamaganini xabar qildi.
Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi
1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.
Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.
Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.
14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.
Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.
LiveBarchasi