Isroil Damashqdagi Eron konsulligiga zarba berdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Isroil Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda “Tasnim” agentligi xabar berdi. 

Hujum oqibatida Eronning Damashqdagi elchixonasi majmuasidagi konsullik binosi zarar ko‘rgan. Suriyaning SANA agentligi harbiy manbalarga tayanib, Damashqning Mezze mahallasidagi bir binoning Isroil havo kuchlari tomonidan havo hujumiga uchraganini yozdi.

“Havo hujumidan mudofaa tizimlari bir nechta raketalarni urib tushirdi”, deyiladi agentlik xabarida.

Eronning Damashqdagi elchisi Husayn Akbariyning aytishicha, uning mamlakati Isroilga "tez, to‘g‘ridan to‘g‘ri va qat’iy" javob qaytaradi. U Isroil F-35 qiruvchi samolyotlari yordamida Eron konsulligi binosiga 6 marta raketa hujumi uyushtirganini aytdi.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Faysal al-Miqdod Damashqdagi hujumga uchragan Eron elchixonasi majmuasiga tashrif buyurib, eronlik mavqedoshi Husayn Amir Abdullohiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.

“Begunoh odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan bu terror hujumini keskin qoralaymiz. Suriya Eronni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Isroilning bu hujumi G‘azodagi Falastin xalqiga qarshi urushdagi dahshatli muvaffaqiyatsizligining bir ko‘rinishidir”, deydi hujum joyida matbuotga bayonot bergan Suriya vaziri.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi hujum oqibatida yetti kishi, jumladan ikki general halok bo‘lganini ma’lum qildi. Bular brigada generali Muhammad Rizo Zohidiy va brigada generali Muhammad Hodi Haj Rahimiy hamda tashkilotning 5 nafar xodimi Husayn Emanullohiy, Mehdi Jaloletiy, Mohsin Sadoqat, Ali Og‘a Boboiy va Ali Solihi Ruzbekxoniydir.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qurbonlarining umumiy soni 11 nafarga yetgan. Halok bo‘lganlarning uch nafari suriyalik, yana biri livanlik.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanoniyning aytishicha, Tehron “tajovuzkorni qanday jazolash”ni hal qiladi. BAA, Ummon va Pokiston ham Eron konsulligiga hujumni qoraladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Isroilning xatti-harakatlari "mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va to‘xtatilishi kerak"ligini aytdi.

Isroil mudofaa kuchlari vakili brifingda Isroil harbiylarining Damashqqa zarba bergani haqidagi ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Eron Isroil havo hujumi Damashq konsullig

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing