Isroil BMTdagi vakilini chaqirib oldi
Olam
−
05 mart
4287Isroil BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdanni “zudlik bilan maslahatlashish uchun” chaqirib oldi. Bu haqda kecha, 4 mart kuni Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kats ma’lum qildi.
Vazir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishni 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga hujum paytida HAMAS tomonidan sodir etilgan ko‘plab jinsiy zo‘ravonlik harakatlari haqida xalqaro tashkilot tomonidan taqdim etilgan hisobotni o‘chirishga urinayotganlikda aybladi.
"Birlashgan Millatlar Tashkilotining oxirgi hisobotida HAMASning 7 oktyabr kuni sodir etilgan vahshiyliklari, jumladan, qirg‘inlar, zo‘rlash va boshqa tizimli jinsiy jinoyatlar haqida batafsil ma’lumot berilgan. Biroq, rais jim. Harakat qilish vaqti keldi, Antoniu Guterrish. HAMAS butun dunyoda terrorchi tashkilot sifatida tan olinishi, uni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarni esa terrorizm homiylari deb atash kerak”, deb yozdi Kats X ijtimoiy tarmog‘ida.
Gilad Erdanning o‘zi esa mamlakatiga chaqirib olinishini shunday izohladi:
"Birlashgan Millatlar Tashkilotiga HAMAS hujumi paytida dahshatli jinsiy jinoyatlar sodir etilganini tan olish uchun besh oy kerak bo‘ldi. Endi G‘azo sektorida garovga olinganlar boshdan kechirayotgan jinsiy zo‘ravonlik haqida xabar paydo bo‘lganidan so‘ng esa, bu mavzuda birorta ham muhokama o‘tkazmagan BMTning sharmandali jimjitligi osmonga faryod qilmoqda”, deydi Isroil diplomati.
Ayni paytda, BMT Bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik o‘z xo‘jayini ustidan go‘yo hisobotni o‘chirishga uringani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish BMTning mojarolarda jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha maxsus vakili Pramila Patten boshchiligidagi hujjat loyihasini "to‘liq qo‘llab-quvvatlagan".
Patten hisobotni kecha, 4 mart kuni taqdim etdi. Unda aytilishicha, garovga olinganlarga “jinsiy zo‘ravonlik, jumladan, zo‘rlash, jinsiy qiynoqlar, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomalalar sodir etilgani haqida aniq va ishonchli ma’lumotlar” mavjud.
Shu bilan birga, hisobot mualliflari HAMASga qo‘yilgan zo‘rlash bo‘yicha ba’zi ayblovlarni rad etib, ularni «asossiz» deb hisoblashgan. Hisobot uchun ma’lumotlar BMTning Isroildagi xodimlari tomonidan fevral oyining birinchi yarmida to‘plangan.
LiveBarchasi