Isroil Bayrutga zarba berdi
Olam
−
31 iyul
6940Kecha, 30 iyul kuni Isroil Bayrut janubiy chekkasiga zarba berdi, oqibatda kamida uch kishi halok bo‘ldi, yana 74 kishi jarohatlandi. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Vayronalar ostida bedarak yo‘qolganlarni qidirish davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Isroil mudofaa kuchlari esa Livandagi “Hizbulloh” harakati qo‘mondoniga zarba berilgani haqida xabar berdi. Bayrut hujumi haqida xabar berilganidan bir necha soat o‘tib SAXAL “maqsadli” hujumda “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrulloh maslahatchisi bo‘lib ishlagan yuqori martabali harbiy qo‘mondon Fuad Shukr halok bo‘lganini aytdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livan bo‘yicha maxsus koordinatori Janin Xennis-Plassxart 30 iyul kuni Isroilning Bayrut chekkasidagi aholi zich joylashgan hududiga uyushtirgan zarbasidan “ko‘p sonli tinch aholi qurbon bo‘lganidan qattiq xavotirda” ekanini aytdi. Hennis-Plassxart “Isroil va Livan o‘rtasidagi mojaroga harbiy yechim yo‘qligini” ta’kidladi va urushni to‘xtatish uchun “diplomatik variantlardan” foydalanishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Isroil 27 iyul kuni Livanning “Hizbulloh” harakatini Golan tepaliklari shimolidagi Majdal Shams qishlog‘ini o‘qqa tutganlikda ayblagandi. Otishma oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati o‘smirlardir. To‘qnashuv vaqtida ular futbol maydonida bo‘lgan. Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kats “Hizbulloh” Majdal Shamsga hujumi bilan “barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tganini” aytdi va “to‘liq ko‘lamli urush” ehtimoli haqida ogohlantirdi. O‘z navbatida, “Hizbulloh” hujumga aloqadorligini rad etadi.
LiveBarchasi