Isroil 3 mingta gumanitar yordam yuk mashinasini G‘azoga kiritmayapti
Olam
−
02 iyun 3521 2 daqiqa
Isroil blokada ostidagi G‘azo sektoriga yo‘l olgan qariyb 3 mingta gumanitar yordam yuk mashinasining kirishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqda G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori Munir Al-Bursh ma’lum qildi.
Bursh ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilingan bayonotida AQSHning yordami bilan Isroil mintaqada “genotsid” amalga oshirayotganini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, G‘azodagi shifoxonalar dori-darmon va tibbiy vositalarning yetishmasligi sababli ayanchli holatga tushib qolgan.
“Ayni paytda Arish shahrida (Misr) turgan 3 mingta tibbiy yordam yuk mashinasi Isroil tomonidan qo‘yilayotgan to‘siqlar sabab G‘azo sektoriga kira olmayapti”, degan Bursh.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dori-darmon va vaksinalarning mintaqaga kiritilishiga to‘sqinlik qilinishi oqibatida yuqumli kasalliklar va epidemiyalar keng tarqalgan. G‘azoda o‘tkir diareya va meningit kabi kasalliklar avj olgan, shuningdek, aholining 90 foizi toza ichimlik suviga ega emas, suv taqchilligi inqirozi yanada chuqurlashmoqda.
Bursh Isroil tomonidan yaqinda joriy etilgan “yangi yordam taqsimoti mexanizmi”ni keskin tanqid qilgan va bu tizimni “ommaviy qirg‘in va majburiy migratsiya vositasi” deb atagan. U, shuningdek, yordam olishga intilayotgan tinch aholi vakillariga qarshi amalga oshirilayotgan muntazam hujumlar bu siyosatning qat’iyligini tasdiqlashini aytgan.
Ma’lumot uchun, G‘azodagi vaziyat haligacha yomon ahvolda. 27 may kunidan beri Isroil armiyasi yordam tarqatish punktlarida 49 nafar falastinlikni o‘ldirgan va 305 kishini yaralagan. Faqatgina 1 iyun kuni Rafah va G‘azo markaziy hududida uyushtirilgan hujumlar oqibatida 32 kishi halok bo‘lgan, 250 nafardan ortig‘i yaralangan. Bu boshqa kunlarga nisbatan kamroq zarar ekanligi aytiladi. Qolaversa, HAMAS va Isroil o‘rtasida ham tinchlik ovozi hali yangraganicha yo‘q. AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonidan berilgan taklif haligacha HAMAS stolida qolmoqda. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil bu taklifni qabul qilgan, ammo HAMAS qo‘shimcha shartlar qo‘ygan. AQSH tomoni esa ushbu shartlarni qabul qilib bo‘lmasligini bildirgan.
Live
Barchasi