Isroil 2025 yildan UNRWA’ni taqiqlaydi
Olam
−
29 Oktabr
5756Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) kelasi yili Isroil ichidagi "barcha faoliyatini" to‘xtatishi kerak. Shuni nazarda tutuvchi munozarali qonun loyihasi kecha, 28 oktyabr kuni Isroil parlamentida 10 deputatning qarshi va 92 deputatning yoqlovchi ovozi bilan ma’qullandi.
Yangi qonunchilik shuni anglatadiki, UNRWA Falastin hududlarida o‘z faoliyatini davom ettira olmaydi, chunki Isroil chegara o‘tish joylarini nazorat qiladi.
AQSH Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Miller Isroil qonunchiligidan chuqur xavotir bildirdi. O‘zining kundalik brifingida Miller G‘azo sektori shimolidagi Jebaliya qochqinlar lageriga gumanitar yordam yetib bormayotganini va Vashington bu holatni qabul qilmayotganini ta’kidladi.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Isroilning UNRWA’ni taqiqlashga qaratilgan chora-tadbirlaridan chuqur taassuf bildirdi.
"Isroil parlamenti UNRWA faoliyatini to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqayotganidan chuqur afsusdaman", dedi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri parlamentdagi britaniyalik deputatlarga.
Bir kun avval Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya Isroil parlamentining qonun loyihalari yuzasidan “chuqur xavotir bildirgan”.
Knesset (Isroil parlamenti) 28 oktyabr kuni ikki qonun loyihasini ovozga qo‘yishi kerak edi. Ularning maqsadi UNRWA’ni “terrorchi tashkilot” deb tasniflash va Isroil rasmiylariga u bilan aloqa qilishni taqiqlash. Bundan tashqari, tashkilotning Isroilda faoliyatini taqiqlash taklif qilingan.
“Associated Press” xabariga ko‘ra, ularning birinchisi bo‘yicha ovoz berish kun oxiriga qadar bo‘lib o‘tadi. Qonun loyihalari 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga hujumida UNRWA’ning bir necha xodimlari ishtirok etgani haqidagi ma’lumotlar tufayli ishlab chiqilgan.
Yetti davlat Tashqi ishlar vazirlari bayonotida, BMT agentligi ayrim xodimlarning terrorchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlagani va islohotlarga sodiqligini namoyish etgani haqidagi iddaolarga javoban choralar ko‘rganini qayd etdi.
LiveBarchasi