Isroil hujumi oqibatida xalqaro xayriya tashkiloti xodimlari halok bo‘ldi

Olam

image

Kecha, 1 aprel kuni G‘azo sektorining Dayr al-Bala hududida Isroil hujumi oqibatida World Central Kitchen (WCK) xalqaro xayriya tashkilotining yetti nafar xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda tashkilot rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, halok bo‘lganlar orasida Avstraliya, Polsha, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada va Falastin fuqarolari bor. Hujum paytida guruh a’zolari hech qanday jangovar harakatlar bo‘lmagan hududda tashkilot logotipi tushirilgan zirhli mashinalarda bo‘lgan.

“Bu fojia. Gumanitar ishchilar va tinch aholi hech qachon nishonga olinmasligi kerak”, deyiladi WCK bayonotida.

Ayni paytda Isroil armiyasi voqea yuzasidan "keng qamrovli tergov" olib borayotganini e’lon qildi.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori Sindi Makkeyn Isroil armiyasining zarbasi oqibatida WCK xayriya tashkiloti xodimlarining halok bo‘lishini qoraladi.

“WCKitchen jamoasi a’zolarining G‘azoga hayotni saqlab qolgan oziq-ovqat yordamini yetkazib berish chog‘ida fojiali o‘limi meni hayratda qoldirdi va yuragimni ezdi. Gumanitar hamjamiyat a’zolariga qilingan hujumlarni qabul qilib bo‘lmaydi”, deb yozgan Makkeyn o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida.

Uning ta’kidlashicha, yordamchilarning xavfsizligi, yordam so‘rab kelganlarning xavfsizligi kabi muhim ahamiyatga ega.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus  ham holatni qoraladi.

“Otashkesim o‘rnatilgunga qadar yana qancha odam halok bo‘ladi? Biz G‘azo sektorida gumanitar xizmatchilarning o‘ldirilganidan g‘azabdamiz”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Gebreisus xavfsizlikni ta’minlash hayotni saqlab qolish uchun yordam ko‘rsatishning asosiy talabi ekanligini ta’kidladi.

JSST rahbari WCK va qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi va yana bir bor G‘azo sektoridagi gumanitar xodimlarni himoya qilishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Xitoy ham AQSHda joylashgan World Central Kitchen xalqaro xayriya tashkiloti xodimlarining G‘azo sektorida Isroil armiyasi tomonidan o‘ldirilganini qoraladi. 

"Biz G‘azo sektorida xalqaro gumanitar xizmatchilarga qilingan hujumdan hayratdamiz va sodir bo‘lgan voqeani qoralaymiz", deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Vinbin.

Shuningdek, u Isroil qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan G‘azodagi “Ash-Shifa” shifoxonasi atrofidagi vaziyatni sharhlar ekan, “Xitoy tinch aholiga zarar yetkazuvchi va xalqaro huquqni buzuvchi har qanday harakatlarga qarshi ekanligini” ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo World Central Kitchen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing