Isroil “Hizbulloh”ning 8 a’zosini yo‘q qildi (video)

Olam

image

Livanning sharqidagi Baalbek hududida amalga oshirilgan Isroil aviazarbalari oqibatida “Hizbulloh”ning sakkiz nafar a’zosi halok bo‘ldi. Isroil hujumlar “amaliyot o‘tkazayotgan qo‘mondonlik markazlari”ga qaratilganini bildirmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea kecha, 20 fevral kuni Rayak qishlog‘i yaqinidagi turarjoy binosida sodir etilgan. Uch qavatli inshootning yuqori qismi vayron bo‘lgan. “Hizbulloh” manbalari qurbonlar orasida mahalliy darajadagi qo‘mondonlar — Ali al-Mussaviy, Muhammad al-Mussaviy va Huseyn Yag‘iy borligini aytgan.

Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) esa bayonotida nishonga olingan shaxslar “Isroilga qarshi o‘q uzish va hujumlarni rejalashtirayotgan, guruhning tayyorgarlik va kuch jamlash jarayonini tezlashtirayotgan” a’zolar bo‘lganini ta’kidlagan. Tel-Aviv bu harakatlarni Livan bilan tuzilgan kelishuvlarni buzish deb baholamoqda.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jami 10 kishi halok bo‘lgan, ular orasida uch nafar bola ham bor. Yana 20 dan ortiq odam jarohat olgan. Rayak shifoxonasi shifokorlari qurbonlar orasida Suriya va Efiopiya fuqarolari ham bo‘lganini bildirgan.

Hujumlar mintaqada keskinlik kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelgan. AQSH Eron bilan yadroviy muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, harbiy choralar ko‘rilishi mumkinligini urg‘ulagan. Islom Respublikasi esa “Hizbulloh” va HAMASning asosiy qo‘llovchilaridan biri hisoblanadi.

2024 yil noyabridan beri o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi amal qilsa-da, Isroilning Livandagi zarbalari deyarli har kuni kuzatilmoqda. Tel-Aviv ularni “Hizbulloh”ning qayta qurollanishini to‘sishga qaratilgan deb izohlaydi. Livan hukumati esa sulhdan keyin ham o‘nlab tinch aholi halok bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 26 yanvar kuni “Hizbulloh” harakati yetakchisi Naim Qosim agar Eronga hujum qilinsa, bu Livandagi harakatga ham ta’sir qilishini va guruh javob berishga tayyor ekanini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Livan HAMAS Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing