Isroil HAMASning talablarini bajarmaydi – Netanyaxu

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMASni yo‘q qilish kampaniyasini davom ettirishga va’da berdi va BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyasini tanqid qildi. Bu haqda Bosh vazir idorasi tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

“Isroil HAMASning yolg‘onchi talablariga bo‘ysunmaydi va urushning barcha maqsadlari (o‘g‘irlanganlarni ozod qilish, HAMASning harbiy va boshqaruv imkoniyatlarini yo‘q qilish, G‘azo bundan keyin Isroilga tahdid solmasligini ta’minlash)ga erishish uchun harakat qilishda davom etadi”, deyiladi Netanyaxuning bayonotida.

HAMAS rasmiylari 25 mart kuni otashkesim ustida ishlayotgan muzokarachilarga ularning taklifi o‘zgarishsiz qolishini bildirgan. Bu shartlarga esa Isroilning G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishi va Falastin anklavida garovga olinganlarni Isroil hibsxonasida saqlanayotgan mahbuslarga almashtirish kiradi.

“Ularning pozitsiyasi HAMASning kelishuv bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishdan manfaatdor emasligini yaqqol isbotlaydi va BMT Xavfsizlik Kengashi qarorining zararli ekanidan dalolat beradi”, deb iddao qiladi Isroil Bosh vaziri.

Isroilning yuqori martabali mulozimlaridan biri “Reuters” agentligiga HAMAS tomonidan garovga olingan 100 dan ortiq odamni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar “boshi berk ko‘chaga kirib qolganidan” so‘ng, Isroil Qatardan muzokarachilarni olib chiqqanini aytdi. Isroil 7 oktyabr kuni qo‘lga olingan yana 30 dan ortiq isroillik halok bo‘lgan deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, 25 mart kuni BMT Xavfsizlik Kengashi o‘nta doimiy bo‘lmagan a’zo davlat tomonidan tayyorlangan rezolyutsiya loyihasini qabul qilgandi. Unda Ramazon oyida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish talab qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing