Isroil HAMAS tunnellariga suv quyishni boshladi – WSJ
Olam
−
13 dekabr 2023
10585Isroil mudofaa kuchlari HAMAS joylashgan tunnel majmuasiga dengiz suvini quya boshladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil bu haqda AQSHni ogohlantirgan. Amerika ma’muriyati vakillarining fikricha, suv toshqini HAMAS o‘q-dorilarni yashirgan tunnellarni yo‘q qilishga yordam beradi. Operatsiya bir necha hafta davom etishi mumkin.
Shu bilan birga, nashrning qayd etishicha, ayrim amerikalik amaldorlar dengiz suvini quyish G‘azo sektoriga chuchuk suv yetkazib berishni xavf ostiga qo‘yishidan xavotirda. Bundan tashqari, tunnellarda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfli moddalardan tuproqning ehtimoliy ifloslanishi haqida xavotirlar mavjud.
SAXAL hech qachon tunnellarni yo‘q qilish uchun dengiz suvidan foydalanishiga izoh bermagan. Isroilning “The Jerusalem Post” gazetasiga ko‘ra, suv toshqini jarayoni noyabr oyida, SAXAL kuchlari G‘azoda dengiz suvini pompalash uchun beshta nasos o‘rnatgan kundan boshlangan. Qayd etilishicha, har bir nasos minglab kubometr dengiz suvini tunnellarga quyish imkoniyatiga ega.
4 dekabr kuni SAXAL G‘azo sektorida HAMASning 800 dan ortiq tunnellari topilgani haqida xabar bergan. Aytilishicha, ulardan 500 ta tunnel allaqachon turli usullar, jumladan, portlovchi moddalar yordamida vayron qilingan. G‘azo sektorida tunnel tarmog‘i qurilishi 2010 yilda boshlangan. Ularning umumiy uzunligi 400–500 km, chuqurligi esa 35 metrga yetadi.
Ma’lumot uchun, Isroilning HAMAS bilan urushi 7 oktyabrdan beri davom etmoqda. 22 noyabr kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi va bu kelishuv bir necha bor uzaytirildi. 1 dekabr kuni Isroil armiyasi G‘azoda operatsiyani qayta boshladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq G‘azodagi qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan falastinliklar soni 18 mingdan oshgandi.