Ispaniyaning mag‘lubiyatsiz seriyasi 42 ta o‘yinga yetdi
Sport
−
10:17 222 2 daqiqa
Kecha, 6 oktyabr kuni Ispaniya terma jamoasi Millatlar ligasi guruh bosqichining 4-turida safarda Xorvatiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa, ispanlarning mag‘lubiyatsiz seriyasi rekord darajaga – 42 ta o‘yinga yetdi.
Mehmonlar tarkibida Mikel Merino 61- va 89-daqiqalarda gol urdi. Xorvatiyaning yagona goliga Ivan Perishich 17-daqiqada mualliflik qildi. Perishich 80-daqiqada maydondan chetlatilgani sababli mezbonlar uchrashuvning so‘nggi qismida bir kishi kam bo‘lib harakat qildi.Shu tariqa, Ispaniya terma jamoasi o‘z tarixidagi eng uzoq mag‘lubiyatsiz seriyani 42 ta o‘yinga yetkazdi.
Ispaniya Italiya terma jamoasining 2018-2021 yillarda Roberto Manchini boshchiligida qayd etgan 37 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasi rekordini yangilagan edi.
Millatlar ligasining dastlabki 4 turida Ispaniya Angliyani 3:2, Xorvatiyani 4:1 va 2:1, Chexiyani esa 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ispaniya Millatlar ligasi elita divizioni 3-guruhida 12 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Jamoa chorak finalga yo‘l olgan ikkinchi terma jamoaga aylandi. Bundan avval Portugaliya pley-off bosqichiga chiqishni kafolatlagan edi.
Kunning boshqa uchrashuvida Angliya o‘z maydonida Chexiyani 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Angliya hujumchisi Harri Keyn ikki marta gol urib, terma jamoa safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi rekordini takrorladi – 125 ta uchrashuv.
Ma’lumot uchun, Angliya 9 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Xorvatiya 3 ochko bilan uchinchi, Chexiya esa ochkosiz so‘nggi o‘rinda.
Keyingi turda Ispaniya joriy yilning 12 noyabr kuni safarda Chexiyaga qarshi o‘ynaydi. Angliya esa shu kuni Xorvatiyani qabul qiladi.
Live
Barchasi