Ispaniyada rekord miqdordagi kokain musodara qilindi
Olam
−
05 may 1020 1 daqiqa
Ispaniya huquqni muhofaza qiluvchi organlari Atlantika okeanida kema orqali olib kelingan yirik partiyadagi kokainni qo‘lga kiritdi. Bu haqda kecha, 4 may kuni CBS News xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, musodara qilingan narkotik modda hajmi 35–40 tonna atrofida bo‘lib, bu mamlakat tarixidagi eng yirik operatsiyalardan biri bo‘lishi mumkin. Ispaniya fuqaro gvardiyasi Kanar orollari yaqinidagi xalqaro suvlarda kemani to‘xtatgan. Amaliyot davomida qariyb 20 nafar shaxs hibsga olingan. Manbaga ko‘ra, kema yukxonasi to‘liq kokain bilan to‘ldirilgan bo‘lgan.
Kema Serra-Leone poytaxti Fritaundan Liviyaning Bengozi shahriga yo‘l olgan. Biroq mutaxassislar fikricha, bunday hajmdagi yukni bir portda tushirish qiyin bo‘lgani uchun narkotiklar Yevropaga kichik kemalar orqali tarqatilishi rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin.
Ispaniya Ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska bu musodarani nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi eng yiriklardan biri deb atagan. Tergov sir saqlanayotgani sababli qo‘shimcha tafsilotlar ochiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, Ispaniya geografik joylashuvi tufayli Yevropa uchun narkotiklar kirib keladigan asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi va so‘nggi yillarda bunday yirik musodaralar bir necha bor qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shri-Lankada 22 nafar buddist rohib 110 kilogrammdan ortiq narkotik moddalarni olib kirishga uringan paytda qo‘lga olingandi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi